Behbudiyning uy-muzeyi yaratiladi

Bugun, 26 may kuni Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov ishtirokida Samarqand shahrida, ulug‘ alloma va jamoat arbobi Mahmudxo‘ja Behbudiy yashab, ijod qilgan xonadonda tadbir bo‘lib o‘tdi.
Karantin talablariga qat’iy rioya etgan holda o‘tkazilgan ma’rifiy tadbirda yozuvchi va shoirlar, jurnalist va teatrshunoslar, ilm-fan va madaniyat namoyandalari ishtirok etdi. Unda bobomiz Mahmudxo‘ja Behbudiyning hayot yo‘li, ilmiy-ijodiy merosi va keyingi paytda uni o‘rganish borasida olib borilayotgan ishlar haqida so‘z yuritildi.
- Mahmudxo‘ja Behbudiy ilmiy, ma’naviy va ma’rifiy merosini o‘rganish yoshlarni har tomonlama barkamol insonlar etib tarbiyalashda, ularni Vatanga muhabbat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida ulg‘aytirishda muhim omil bo‘ladi, - dedi E.Turdimov. – Shuning uchun bugun ushbu xonadonni Behbudiy uy-muzeyi hamda jadidlar, qatag‘on bo‘lgan ma’rifatparvarlar muzeyiga aylantirish asosiy vazifamizdir.
Ta’kidlash lozimki, ma’rifatparvar bobomiz o‘limidan keyin “Reshetnikov, 7” (hozirda Samarqand shahri, Mir Said Baraka ko‘chasi, 47-uy), ya’ni “Samarqand” gazetasi, “Oyina” jurnali tahririyati, «Behbudiy» nashriyoti xodimlari faoliyat ko‘rsatgan uyni bolsheviklar tortib olgan. Bugungi kunda bu yerda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Samarqand viloyat hududiy boshqarmasi huzuridagi «Davlat mulkini ijaraga berish markazi» davlat unitar korxonasi faoliyat yuritmoqda.
Viloyat hokimi ushbu korxonani boshqa joyga ko‘chirish, binoni tarixiy muzeyga aylantirish uchun Behbudiy kitoblari, u nashr ettirgan darslik va gazetalar, bobomiz bilan bog‘liq osori-atiqa va eksponatlar bilan boyitish bo‘yicha mutasaddilarga topshiriqlar berdi.