Bekatlarga kim mas’ul?

Keyingi paytlar bekatlardagi muammolar, sanitariya-gigiyenik holati tez-tez tanqid ostiga olinmoqda. Bunday kamchiliklarning ko‘tarilishi albatta, yaxshi.
Lekin shu o‘rinda ta’kidlash joizki, avtoshohbekat va oraliq bekatlarning bugangidek ko‘rinish kasb etishiga biz, iste’molchilar sababchimiz. Bekatlarda turib sigaret, nos chekadigan, turli xil oziq va nooziq-ovqat mahsulotlari o‘ramlarini to‘g‘ri kelgan joyga tashlab ketadigan avvalo, o‘zimiz-ku!? Aholiga qulaylik yaratish maqsadida qurilgan bekatlarning oynalariga turli xildagi yozuvlarni yozib ketayotganlar, kim? Xalqimizga har tomonlama qulaylik yaratish maqsadida qurilgan bekatlarga bizning munosabatimiz qay darajada?
Masalaning yana bir muhim jihati bor: avtobekatlarga avtomashinalar birrovga qoldirilyapti, kirakashlar tomonidan mijoz olish maqsadida atayin to‘xtatilmoqda. Bular jadval asosida yo‘nalishlarda qatnayotgan avtobuslarga noqulayliklar tug‘dirmoqda. Ular yo‘lovchilarni yo‘lning o‘rtasida tushirishga majbur bo‘lishayotir.
Ayniqsa, bunday noqulayliklar “Hazora” avtoboshbekati, Dahbed va Ro‘dakiy ko‘chalari kesishmasi, “Shodiyona” savdo majmuasi, deyarli barcha bozorlar atrofida sodir etilmoqda. Ba’zi bekatlarda ko‘cha savdosi avj olgan.
Demak, bu muammolarni faqatgina hokimlik, transport, obodonlashtirish yoki yo‘l harakati xavfsizligi idoralariga yuklash bilan bartaraf etib bo‘lmaydi. Bunda har birimizning daxldorligimiz, jamoatchilik nazorati muhim ahamiyatga ega.
Sherzod XALILOV.