Belarusda namoyishchilarga qarshi harbiy qurol ishlatish shartlari ma’lum qilindi
Belarus ichki ishlar vazirligi norozilik namoyishlarida harbiy quroldan foydalanishga tayyor. Vazirlik rahbari Yuriy Karayev quroldan foydalanish shartlarini “Sputnik Belarus” agentligiga bergan intervyusida ma’lum qildi.
“Diversiya (biron bir mamlakatning harbiy va davlat ahamiyatga ega bo‘lgan ob’yektlarini buzish, portlatish, vayron qilish maqsadida chet el josuslari yoki dushman tashkilotlar tomonidan amalga oshiriladigan qo‘poruvchilik harakati), terroristik hujumlar, xavfsizlik kuchlariga hujumlar kabilar jismoniy kuch ishlatishdan tortib harbiy qurollardan foydalanishgacha bo‘lgan barcha vositalar bilan to‘xtatilishi kerak”, dedi IIV rahbari va so‘nggi vaqtlarda mamlakatdagi norozilik namoyishlari radikallashganini alohida ta’kidladi. “Maxluq bo‘lmaslikka harakat qilyapmiz. Biroq “yumshoq” ham bo‘lmaymiz”, qo‘shimcha qildi u.
Shuningdek, Karayev namoyishlarda turli guruhlar ekstremizm bilan shug‘ullanayotganini ta’kidladi. Ular orasida sportchilar, futbol fanatlari, kompyuter o‘yinlari ishqibozlari bor.
“Ko‘lam juda keng, oqibatlar to‘g‘risida xabardor bo‘lganlar ham bor. Biroq bu bilan jismoniy va huquqiy jihatdan nima bo‘lishini, keyingi hayoti vayron bo‘lishi yoki to‘xtashi mumkinligi haqida tasavvurga ega emaslar ham mavjud”, dedi Karayev.