Bemorlarning aksariyatida kuchli qo‘rquv bor

Samarqand viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasi katta hamshirasi Feruza Sherxonova bilan suhbatlashganimda koronavirus infeksiyasining keng tarqalishiga, avvalo, o‘zimizning tartib-qoidalarga amal qilmaganimiz, infeksiyaga odamlarning bepisand qaragani ham sabab bo‘layotganini aytdi.

32 yildan buyon shu muassasada ishlagan, tibbiyot sohasida o‘z tajribasiga ega hamshira bugun vaziyat ancha jiddiyligini, bu bizni ogoh etishi lozimligi, farzandlarimizni, oilamizni, yaqinlarimizni asrash o‘z qo‘limizda ekanligini ta’kidladi.

- Bugun koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlar afsuski, ko‘p, - deydi Feruza opa. – Dastlab 21 mart kuni koronavirusga chalingan bemorlarni davolashga jalb etilgan bo‘lsam, o‘shanda bemorlarda kasallik yengil o‘tayotgan edi. Hozir esa vaziyat jiddiy. Chunki oldin kasallik erta bosqichlarda aniqlangan bo‘lsa, bugun odamlar kasallikning dastlabki alomatlari sezilsa-da, uyda davolanib, og‘ir ahvoldagina bizga murojaat qilishmoqda.  Bemorlar bilan suhbatlashganimda, 3-4 kundan buyon uyida isitma bilan yotganini, shifokorga murojaat qilishga qo‘rqqanini aytadi. Ular koronavirusga chalindimmi, demak, bu o‘lim bilan ro‘para bo‘lish, deb tushunadi. Yo‘q, koronavirus hayot tugadi degani emas. Mana shu qo‘rquv ba’zan kasallikning avj olishiga sabab bo‘lishi mumkin. Chunki qo‘rquv ham immunitet tushib ketishiga olib keladi. Ba’zilarda yengil formada o‘tadi, uyida davolanayotganlar ham ko‘p. Ammo ular o‘zlari bilmagan holda tashuvchi bo‘lib qolayotgani achinarli.

- Bugun shifokorlarimizning fidoyiligi, kasbiga sadoqati tufayli bemorlarimizning aksariyati bu darddan forig‘ bo‘lmoqda. Ammo o‘lim ko‘rsatkichi ham ko‘paygan...

- Kuniga shifoxonamizdan o‘nlab bemorlar kasallikdan forig‘ bo‘layotgan bo‘lsa, ikki barobar ko‘p kasallikka chalingan bemorlar olib kelinyapti. Ular orasida 60-70 yoshlardagi, qo‘shimcha kasalligi bor bemorlar bor. Ular kasallikni og‘ir o‘tkazyapti. Homilador ayollar, yosh yigit-qizlar, hatto chaqaloqlar ham infeksiya bilan zararlangan. Bu yerdagi vaziyatni ko‘rib, to‘g‘risi, ko‘cha-ko‘yda niqoblarni iyakka taqib olgan, karantin qoidalariga rioya qilmayotgan yurtdoshlarimizga saboq oling, degim keladi. Axir kasallikning oldini olishda bizdan murakkab narsalar talab qilinmayapti-ku. Nahotki, sog‘ligimizga e’tiborsiz bo‘lsak. To‘g‘ri, siz kasallikni yengilroq o‘tkazarsiz, ammo yoshi katta momo-bobolarimiz, qo‘shimcha kasallikka chalingan yaqinlarimiz buni yengishda qiynalmoqda. Ularning nafas olishda qiynalayotganini ko‘rib, ko‘zimizga yosh olamiz.

- Kasallikni qanday yengish mumkin?

- Bu, avvalo, insonning irodasiga, sog‘lom turmush tarziga rioya qilishiga, sport bilan shug‘ullanishiga bog‘liq. 70-75 yoshli bemorlar ham kasallikni yengib o‘tdi. Yaqinda 51 yoshli onaxon kasallikka chalinib, muassasamizda davolandi. U kishi doim tozalikka rioya qilib, ertalab jismoniy mashqlarni bajarar ekan. Ishonch va qat’iyati tufayli darddan forig‘ bo‘lishda qiynalmadi. Bu kasallikning kushandasi ham tozalikka rioya qilish, foydali mahsulotlarni iste’mol qilib, ko‘proq suyuqlik iste’mol qilishdir.

- Ikkinchi bor kasalxonada ishlashga sizni nima majbur qildi? Axir bu salomatligingiz uchun xavfli-ku?

- To‘g‘ri, farzandlarim ikkinchi bor bu yerga kelishimga qarshilik qilishdi. Ammo bemorlar ham kimningdir onasi, otasi, farzandi. Qo‘limdan yordam berish kela turib, uyda o‘tirishim kasbimga xiyonat emasmi? Bu yerda ishlayotgan tibbiyot xodimlari bugun qanchalik qiynalayotganini ko‘rib turibman. Issiqda 6-12 soatlab kombinzonda, tibbiy niqobda, himoya ko‘zoynaklarida, og‘ir etiklarda yuramiz. Ammo bemorlar bilan ishlash jarayonida bu kabi noqulayliklarni o‘ylashga fursat bo‘lmaydi.

- Yurtdoshlarimizga nima degan bo‘lardingiz.

- Faqat va faqat karantin qoidalariga rioya qilishlarini so‘rardim. Kasallikni yengish o‘zimizga bog‘liq. Kasallik alomatlarini sezdingizmi, oilaviy poliklinkalarga murojaat qiling. Doim sport bilan shug‘ullanib, sog‘lom turmush tarziga rioya qiling. Koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashda bu juda muhim.

Nasiba JONTO‘RAYeVA suhbatlashdi.