“Binoning yo‘lga chiqib ketgan qismi olinadi”: Qorasuvdagi yo‘l tomonga chiqib ketgan qurilish bo‘yicha rasmiy munosabat bildirildi

Bir necha kun oldin viloyat hokimligi hamda tahririyatning @zarafshon_bot’ manziliga mazkur masala yuzasidan murojaat  kelib tushgandi.

“Samarqand shahri Qorasuv massiviga O‘zbekkenti hududidan kirishda tadbirkor tomonidan qurilgan bino yo‘lni kichraytirib qo‘ymoqda. Bu qurilish bilan bog‘liq qonunchiligimizga nechog‘li to‘g‘ri keladi? Bunga mutaxassislar nima deyisharkan?”, deyiladi murojaatda.

Samarqand viloyati qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi holat yuzasidan munosabat bildirdi. Unga ko‘ra, qurilish tegishli ruxsatnoma rasmiylashtirgan holda boshlangan. Binoning asosiy qismi ruxsat etilgan hududda. Ammo ayrim qo‘shimcha qismlari yo‘lning belgilangan “qizil chizig‘i”ga chiqib ketgani aniqlangan va buni bartaraf etish yuzasidan inspeksiya tomonidan ogohlantirish xati berilgan.

“Bino qurilishi 2021 yil 18 avgustda Samarqand viloyati qurilish sohasida Hududiy nazorat inspeksiyasida ro‘yxatdan o‘tgan. Samarqand shahar yer komissiyasining dalolatnomasiga asosan fuqaroga buzilishga tushgan savdo do‘koni binosi evaziga tovon tariqasida Samarqand shahar Qorasuv massivi hududidan 150 kv.metr yer maydoni ajratilgan. Arxitektura loyiha hujjatlari asosida ikki qavatli savdo do‘koni binosi qurilishi uchun Samarqand shahar hokimining qarori chiqqan. Shunga asosan qurilish bosh boshqarmasi arxitektura va shaharsozlik kengashining arxitektura-rejalashtirish topshirig‘i asosida loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilib ijobiy ekspertiza xulosasi olingan.

Inspeksiya inspektori tomonidan loyiha-smeta hujjatlariga muvofiq qurilish-montaj ishlarining sifati va to‘liqligiga rioya etilishi ustidan nazorat funksiyalarini olib borish davrida qurilish ob’yektida belgilangan qizil chiziqdan binoga kirish qismidagi zinalari chiqib ketganligi sababli inspeksiya inspektori tomonidan qurilishni to‘xtatish to‘g‘risida yozma ko‘rsatma berilgan.

Ushbu ob’yektning zina qismi hozirgi holatdagi ko‘chaga yaqin bo‘lganligi sababli zinani binoning boshqa tomoniga ko‘chirilishi to‘g‘risida ko‘rsatma berilgan. Binoning asosiy o‘qlari bosh rejaga asosan qo‘yilgan. Bosh reja bo‘yicha yo‘lning joylashishi va kengaytirilishi hozirgi holatga nisbatan o‘zgarishi bosh rejada ko‘rsatib o‘tilgan”, deyiladi inspeksiya munosabatida.