Bir-biridan o‘rganib xizmat samaradorligini oshirishmoqda
Dastlab mehmonlar Hazrati Xizr majmuasida bo‘lib, Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov qabrini ziyorat qilishdi.
Shundan so‘ng viloyatda ichki ishlar xodimlari xizmat faoliyati uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishish maqsadida Samarqand shahridagi Yuksalish mahalla fuqarolar yig‘inida bo‘ldi. U yerda profilaktika inspektori, xavfsiz hudud posbonlari tuzilmasi faoliyati misolida aholi o‘rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarlikning oldini olish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar bo‘yicha tajriba almashildi.
Mehmonlarda Samarqand shahri bo‘yicha ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasida tashkil etilgan videokuzatuv markazi katta qiziqish uyg‘otdi va ushbu markaz jinoyatchilikning oldini olish, tezkor aniqlash borasida qulay vosita ekanligi ta’kidlandi.
– Tashrifimiz davomida o‘tkazilgan har bir uchrashuv, suhbat biz uchun tajriba maktabi bo‘ldi, – deydi Sirdaryo viloyati IIB huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi boshlig‘i Sharof O‘rinov. – Maqsadimiz o‘zaro tajriba almashish orqali xizmat faoliyatimiz samaradorligini yangi bosqichga ko‘tarish va bu borada yangi uslublarni tizimga joriy etishdan iborat.
Olim SONNIBOYeV.