Bir daqiqada 5 litr, endi uni soatga, kunga ko‘paytiring!
Bu haqda ko‘p va xo‘p yozdik.
Gap Samarqand shahrining markazidan oqib o‘tuvchi Shaar arig‘i ustidan o‘tuvchi aholiga yetkazilayotgan toza ichimlik suvi quvuridan otilib chiqayotgan suv haqida bormoqda.
Ochig‘i, videolavhani ko‘rgan kishi ariq atrofidagi xunuk manzara - turli maishiy chiqindilar chiqarilib tashlanganiga guvoh bo‘lib, ta’bi xira bo‘ladi. Bu alohida mavzu. Ammo bu yerdagi suv isrofi bilan bog‘liq holat undan-da achinarli.
Mobil-muxbirlarimiz bundan 15 kun avval - 2022 yil, 19 dekabrda bu holatga barham berishlarini so‘rab, telegram-botimizga murojaat qilgan va o‘sha kuni bu murojaatni chiqargandik. Lekin holat hamon o‘sha-o‘sha.
Joylarda aholi suvga zor, bu yerda esa tonnalab toza ichimlik suvi isrof bo‘lmoqda.
Biz suv sarfini aniqlovchi mutaxassis emasmiz. Ammo keling, suv isrofini o‘rtacha xisoblab ko‘ramiz. Teshilgan quvurning biridan kamroq, ikkinchi joyidan ko‘proq otilib chiqayotganiga e’tibor qaratsak, bir daqiqada kamida 5 litr, soatga ko‘paytirsak 300 litr, bir kunda 7200 litr (bu yetti tonna 200 litr degani) toza ichimlik suvi isrof bo‘lyapti.
Bu holatga agar o‘n besh kun, boringki, bir oy bo‘lgan bo‘lsa-chi? Buyog‘ini o‘zingiz xisoblayvering.
Har safar yozilganda suvchilar, ya’ni “o‘z ishining ustalari” suv chiqayotgan joyga yog‘och qoqishadi yoki selafan o‘rab ketishadi.
O‘ylaymizki, bu safar ular bunday qilishmaydi, maxsus moslamalar o‘rnatib payvand qilishadi.
Husan XUShYoR.