Odamning o‘rni

Mo‘min ismi-jismiga mos mo‘min odam. Ayoli Iroda uning aksi. Salga lovullab ketadi. O‘t bilan suv birlashib, mana umrning yigirma yettinchi yilini ham birga bosib o‘tyapti.
Iroda bo‘sh-bayovgina, ammo o‘ziga to‘q oilaning to‘ng‘ichiga turmushga chiqqan. Mana, qaynona-qaynotasi ham olamdan o‘tib ketdi.
Mo‘minning ukalari ishlarini yo‘lga qo‘yib olgan. Otasi vaqtida ham hamma bolasiga uy-joy qilib bo‘lak qilgan. Mo‘min ham o‘z aravasini tortib yuribdi. Birovdan oldin, birovdan keyin, degandek.
Mana, o‘zining ham farzandlari katta bo‘ldi. Endi o‘g‘illarni uylash, qizlarni uzatish kerak. Xotini tongni diydiyo bilan boshlaydi.
"Qachon uylarni ta’mirlaymiz?"
"Abrorni qachon uylantiramiz?"
"Qachon biz ham odamlarga o‘xshab yashaymiz?"
Mo‘min iljayib "Alloh istagan kuni hammasi bo‘ladi, sabr qil", deydi.
Keyin boshlanadi - "Ana, ukalaringizni qarang, xotinlarini qanday olib yuradi, mening ulardan qayerim kam?"
Mo‘min indamaydi.
Aka-ukalar yig‘ilib qolsa, maslahat beradilar: "Undoq qilsangiz bo‘lar ekan, bundoq qilsangiz bo‘lar ekan".
Mo‘min odaticha jilmayib o‘tiraveradi. Ular ketgach, xotini davom ettiradi "Ana, hammasi ustimizdan kulib ketdi".
Indamaydi. Ukalari to‘y qilsa, o‘chog‘idan kirib, kulidan chiqadi, kattaman deb o‘tirmaydi. Aybi qo‘li qisqaligi...
Ukalari o‘g‘illarini uylantira boshladi. Ular qilgan dang‘illama to‘ylarning puliga to‘rtta to‘y o‘tkazsa bo‘lardi.
Xotini shuniyam gapirdi. Keyin o‘tirib yig‘ladi.
O‘qituvchilikdan tashqari ustachilikni o‘rgangan Mo‘min, mana, bir necha yil bo‘ldi yoz oylarida odamlarning tomini yopadi, birovning uyida suvoqchilik qiladi, bekor o‘tirmaydi, ammo odamlar negadir uning pulini kechikibroq beradilar, o‘zi ham botinib so‘ramaydi. Insofliroqlari joyida hisob-kitob qiladi, qolgani xohlagan vaqtida beradi. Shuncha imorat qurishga yetgan pul usta haqiga kelganda tugab qolgan bo‘ladi.
Xotini javrab-javrab ishga jo‘natdi. Peshinda rang-quti o‘chgan katta o‘g‘li hovliqib keldi
—Oyi, dadamni olib kelishyapti!
Nima gapligiga tushunib-tushunmay turgan ayol erining sovuq diydorini ko‘rib hushidan ketdi. Mo‘min tomdan qulab tushgandi.
Mayitni qabristonga olib borganlar qushdek yengil ekanligi haqida gapirsa, go‘rkov oson qazilgan qabrdan nur taralganini aytardi...
Uning bu dunyoda yo‘qligini avval ayoli sezdi. Qo‘ynida ilinib olma olib keladigan, ovqatining go‘shtini bildirmay kosasiga solib qo‘yadigan, shuncha haqorat qilsa ham biror marta chertmagan yarmining sog‘inchi yuragini o‘rtab yuborar darajada azoblardi.
Qadrning bahosi tobora yo‘qolib borayotgan zamonda kunda kunora xabar oladigan akalarining endi bu olamda yo‘qligi ukalarni ham o‘ylashga majbur qilgandi.
Oradan bir yil o‘tib, ukalar Mo‘minning uyiga yig‘ildi. Har biri jiyanini uylantirish uchun ataganini olib kelgandi.
Irodaning ko‘nglidan "Shuni akalari tirikligida qilsalar bo‘lmasmidi?", degan o‘y o‘tdi, xafa bo‘ldi, ammo ukalarining xayolidan ham shu o‘y o‘tayotganidan bexabar edi...
Feruza SALXODJAYeVA.