Samarqandda to‘rtinchi “Ustozlar milliy forumi”: Natija, yutuq va kamchiliklar muhokama etildi

Har yili yangi o‘quv yili oldidan an’anaviy ravishda “Ustozlar milliy forumi” o‘tkazilib kelinmoqda.
Joriy yilda ham yangi 2025-2026 o‘quv yili oldidan ta’lim muassasalarida ta’lim-tarbiya jarayonini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish, rahbar kadrlarning tashabbuskorligi va mas’uliyatini kuchaytirish, tizimda faoliyat yuritayotgan pedagog xodimlarning kasbiy salohiyatini oshirish, ilg‘or tajriba va metodik yondashuvlarni keng targ‘ib etish, o‘quv dasturlari va darsliklardagi yangiliklarni pedagoglarga yetkazish, innovatsion texnologiyalarini joriy etish orqali zamonaviy ta’lim talablariga mos raqobatbardosh avlodni tarbiyalashga xizmat qiluvchi muhim va ustuvor yo‘nalishlarni aniqlab olish maqsadida viloyat pedagogik mahorat markazida to‘rtinchi “Ustozlar milliy forumi” o‘tkazildi. Forumda 300 nafar ilg‘or o‘qituvchi va tarbiyachilar ishtirok etdi.
- O‘tgan o‘quv yilida ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha bir qator tizimli ishlar amalga oshirildi, - dedi viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Muzaffar Hamdamov. - Viloyatdagi 1268 ta umumiy o‘rta ta’lim maktablarini 50 146 nafar 11-sinf bitiruvchilari tugatdi. Ulardan 1889 nafari oltin, 348 nafari kumush medal bilan bitirgan bo‘lsa, 342 nafari muddatidan oldin talaba bo‘ldi. Samarqand viloyati bu yil oliy ta’lim muassasalariga kirish ko‘rsatkichi bo‘yicha respublikada 6-o‘rinni egalladi.
Shuningdek, maktab pedagoglarining ham yutuqlari bir talay. Masalan, 2025 yil uchun “Vazir jamg‘armasi”ning har oylik ustamasiga viloyatimizdan 88 nafar malakali pedagoglar loyiq deb topildi.
Viloyatdagi umumta’lim maktablarida faoliyat olib borayotgan 5887 nafar xorijiy tillar fani o‘qituvchilaridan 64,5 foizi chet tilini bilish darajasi bo‘yicha milliy yoki xalqaro darajadagi sertifikatlarga ega bo‘lishdi.
Bundan tashqari, viloyatga 24 nafar xorijiy mutaxassislar – “Zo‘r” (“Klass”) loyihasi bo‘yicha Rossiyadan 12 nafar, Filippindan 9 nafar, Hindiston, Kanada hamda Fransiyadan 1 nafardan o‘qituvchi jalb etildi. Yangi o‘quv yilidan jami 149 nafar xorijiy mutaxassislarni olib kelish rejalashtirildi.
Joriy yilda har bir tuman (shahar)da bittadan, viloyatda jami 16 ta “Jasorat maktablari” tashkil etilib, 5-sinf o‘quvchilari uchun ikki bosqichda imtihon jarayonlari o‘tkazildi.
Viloyatdagi 104 ta umumiy o‘rta ta’lim maktablarida 166 nafar alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan o‘quvchilar 132 ta inklyuziv sinflarda sog‘lom o‘quvchilar bilan bir sinfda ta’lim-tarbiya olishdi. Viloyatda 16 ta tuman (shahar)da bittadan maktab inklyuziv ta’limning “to‘siqsiz muhit” talablariga javob beradigan maktabi etib belgilandi.
Forumda yangi darslik va metodikalar, zamonaviy o‘qitish usullari, eMaktab imkoniyatlari, Janubiy Koreya tajribasi asosida o‘yinga asoslangan ta’lim kabi mavzularda mahorat darslari o‘tkaziladi.
Forum ishi davom etmoqda.
Xurshida ERNAZAROVA.