Bir g‘arib ko‘nglini qila olsang shod...
Samarqand shahar hokimligi va shahar davlat soliq inspeksiyasi tashabbusi bilan hududda yashovchi 160 nafar nogironligi bo‘lgan fuqarolarga dasturxon yozildi.
Muborak Qurbon hayiti arafasida tashkil etilgan tadbirda bugungi kunda viloyatda mavjud 71 ming nafardan ziyod jismoniy imkoniyati cheklangan fuqarolardan 10 ming nafari bolalar ekanligi, viloyat bo‘yicha nogironlik aravachalariga ehtiyojmand 1500 nafar fuqarodan 1147 nafariga nogironlar aravachasi berilgani aytib o‘tildi.
Bugungi tadbirda ham 20 ta aravacha, 28 ta qo‘ltiqtayoq hamda 24 ta hassa jismoniy imkoniyati cheklangan fuqarolarga sovg‘a qilindi.
- Mamlakatimizda nogironligi bo‘lgan shaxslarga alohida e’tibor qaratilib, jamiyatda o‘z o‘rnimizni topishimiz uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan, - deydi Gulnora Azimboyeva. – Men o‘zimni nogiron deb hisoblamayman. Bolaligimdan to‘quvchilikka qiziqaman. Prezidentimiz tomonidan yaratib berilayotgan imkoniyatlardan samarali foydalanib, tadbirkorlik bilan shug‘ullanyapman. Turli xil kiyimlar to‘qib, daromad topyapman. 20 nafar shogird tayyorladim. Yangi qurilgan arzon uy-joylardan imtiyozli kredit asosida kvartira oldim. Kredit to‘lovlarini kasbim ortidan kelayotgan daromaddan to‘lab boryapman.
Tadbir ishtirokchilariga taniqli san’atkorlarning kuy-qo‘shiqlari ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.
To‘lqin SIDDIQOV.