Bir quyondan 300 ming so‘m daromad, bepul ta’lim, tavsiya, ko‘mak tomorqachilik rivojiga hissa qo‘shadi(mi?)

Viloyatimizdagi 631,4 ming aholi tasarrufida 69,6 ming gektar tomorqa yer maydonlari bor. 2023 yilda viloyat  fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashining tavsiya va ko‘magida yer maydonlarida almashlab ekish orqali jami 121,9 ming gektar, shundan 57,7 ming gektar bahorgi, 34,8 ming gektarda takroriy hamda 29,4 ming gektarda to‘qsonbosti usulida ekinlar ekildi.

Raqamlar o‘tgan yil bilan solishtirilganda 10 foiz o‘sishga erishilgan. Natijada yil yakuni bilan aholi tomorqalarida 2 million 263 ming tonna mahsulot yetishtirildi. Shuningdek, viloyat bo‘yicha 75,6 ming aholi tomorqalarida plyonka ostida to‘qsonbosti va ertagi ekinlar yetishtirilishi yo‘lga qo‘yildi. Yil davomida uch marta hosil olishga imkon beradigan 12,4 ming ixcham issiqxonalar tashkil etildi.

Viloyat fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi tomonidan “Jomboy ko‘chatchilik tomorqa xizmati” tomorqachilik klasterida tashkil etilgan 2023 yilgi ishlar sarhisobi va 2024 yilgi rejalarga bag‘ishlangan press-turda shu haqda ma’lumot berildi.

Aslida tomorqa xizmati tushunchasi yangilik emas. Bir necha yil oldin ham shunday tuzilma tashkil etilib, aholi va tomorqachilarga yordamlashishi, yerdan unumli foydalanish va daromad olishni yo‘lga qo‘yishda ko‘mak berishi, bandlikni ta’minlash ko‘zda tutilgandi. Biroq tuzilmaning huquqiy shakli va qonuniy asosi yaratilmagani bois bu xizmatlar e’tiborsiz qolib ketdi. Davlatimiz rahbarining O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 16 dekabrdagi “Tomorqadan foydalanish samaradorligini oshirish, shuningdek, aholining tadbirkorlik tashabbuslarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bilan tomorqa xizmatlarini ko‘rsatuvchi klasterlarning qonuniy asosi yaratildi. 2022 yil 12 oktyabrdagi “Suv ta’minoti og‘ir bo‘lgan hududlardagi aholi tomorqa yerlari va dehqon xo‘jaliklarini suv bilan kafolatli ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qarori bilan tomorqa xizmatlariga yangi vazifalar belgilandi. Qaror bilan viloyatimizning Urgut, Oqdaryo, Paxtachi Bulung‘ur va Jomboy tumanlarida tomorqa xizmati klasterlari tashkil etilib, kengash qoshidagi jamg‘arma hisobidan imtiyozli kreditlar ajratildi.

Birgina “Jomboy ko‘chatchilik tomorqa xizmati” tomorqachilik klasterida tomorqachilar uchun bepul asosda bog‘dorchilik, issiqxona, quyon, parranda, qo‘ychilik, chorvachilik, sovutkichli kameralar tashkil etish kabi 12 turdagi xizmatlar ko‘rsatilmoqda. Shuningdek, ko‘chat, urug‘lik, mineral o‘g‘it, mini traktorlar yetkazib berish, tomorqachilarni o‘qitish, bepul ovqat va yotoqxona bilan ta’minlangan.

Bu yerda yuqorida sanalganlardan tashqari yem tayyorlash, saqlash, bir yilda tomorqadan 3-4 marta daromadli hosil olish, sug‘orish uskunalarini o‘rnatish, umuman olganda, tomorqani ermakdan daromadli tarmoqqa aylantirish bo‘yicha ko‘rsatmalar beriladi, - deydi viloyat fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi o‘rinbosari Zokir Mamadaliyev. – Markazda xotin-qizlar, yoshlar, fermerlar, dehqon xo‘jaliklari vakillari reja asosida har bir tumandan kelib bir oy davomida bepul o‘qitiladi. Ehtiyojga ko‘ra urug‘lik, mineral o‘g‘it, ko‘chat yetkazib beriladi va yetishtirilgan hosilni tomorqa xizmati klasteri bozor narxida xarid qiladi. Markazning yana bir afzalligi mini traktor, mini kultivator kabi uskunalar o‘z narxida shartnoma asosida beriladi. Darslar faqat nazariya bilan cheklanib qolmasdan namuna sifatida chorva hayvonlari boqish uchun mo‘ljallangan maxsus joylar, issiqxona, bog‘, sovutkichli omborxonalar tashkil etish bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar ham o‘tiladi. Yana bu yerda kengash qoshidagi jamg‘arma mablag‘lari hisobiga Xitoydan mini traktor va boshqa uskunalar keltirilib, shartnoma asosida savdodagi texnikalardan arzon, ya’ni o‘z narxida tomorqachilarga yetkazib berilmoqda.

Quyonchilik parhez go‘sht va terisi eng xaridorgir mahsulot hisoblanadi. Quyon 60 kunda voyaga yetadi va o‘rtacha 10 kilogramdan ortiq go‘sht beradi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, bitta quyon boqish uchun o‘rtacha 130 ming so‘m mablag‘ sarflanadi. Agar o‘rtacha bitta quyondan 5-6 kilogramm go‘sht olinganda ham bitta quyondan 300 ming so‘m va terisi qoladi. Har bir xonadonda quyon boqish uchun yetarli kattalikdagi bitta bo‘sh xona topiladi. Yoki 10-12 hajmdagi maydonga 80 tonna sig‘imga ega sovutkichli omborxona qurish mumkin. Ehtiyoj va sharoitdan kelib chiqib sovutkichli omborxonani 5-10 tonnalik qilib qurish ham mumkin. Buning uchun quyosh panellari bilan birga o‘rtacha 55-60 million so‘m mablag‘ talab etiladi. Mablag‘ga ehtiyoj bo‘lsa kengash qoshidagi jamg‘arma tomonidan 3 yil imtiyozli davr bilan 7 yilga past foizda kreditlar ajratiladi.

Keyingi ob’yekt hech qanday issiqlik tizimisiz isitiladigan issiqxona bo‘ldi. Bu issiqxona quyosh nuri tushishi va issiqlikni saqlashga mo‘ljallab uchburchakka yaqin shaklda qurilgan. Ko‘katlar, piyoz, sariqsoqpiyoz, rediska va kartoshka ekilgan. 10 sotix maydonga dekabrda ekilgan kartoshka mart oyida bozorlarga chiqariladi. Ikki metr chuqurlikdagi yana bir issiqxonada limon parvarishlash bilan birgalikda ko‘kat va ko‘chatlar tayyorlanyapti.

Bu usulda mahsulot yetishtirish uchun har bir tomorqada imkoniyatlar bor.

O‘ktam XUDOYBERDIYeV.