Bir sinf, bir o‘qituvchi, bir o‘quvchi

Qish kunlari edi. Anomal sovuq hukm surayotgan bir paytda "Ta’lim muassasalari vaqtincha faoliyat ko‘rsatmas ekan”, degan xabar tarqaldi. Keyinroq bu yolg‘on xabarligi to‘g‘risida mish-mishlar paydo bo‘ldi. Xullas, “o‘qish bo‘larkan, bo‘lmas ekan" mavzusi chinakam "trend"ga chiqdi. Bu gaplarni eshitgan odamlar farzandlarini maktabga jo‘natmay qo‘ydi.

Ana shunday kunlarning birida ertalab maktabga tayyorgarlik ko‘rayotgan 2-sinfda o‘qiydigan farzandimga, "Ona qizim, havo juda sovuq, sinfxonalaring ham muzlab yotgandir, maktabga bormay qo‘yaqolsang-chi?" degan edim, u darsdan qolgisi kelmayotganini aytib, olib borishimni iltimos qildi. Yo‘llardagi sirpanchiqni inobatga olib, ko‘cha ulovida ishga otlanayotgan holimda qizimning maktabga borish ra’yini qaytargim kelmadi. Tavakkal qilib, o‘zimizning mashinada ota-bola yo‘lga chiqdik.

Yo‘lda juda sekin harakatlanganimiz hisobiga darsga 5-6 daqiqa kech qoldik. Kechikishga o‘rganmagan qizimga ustozi, albatta, bu holatni to‘g‘ri tushunishini yo‘l-yo‘lakay uqtirib bordim. Yaxmalakda sirpanib yiqilmasin, deya qizimni maktab darvozasidan sinfiga qadar qo‘lidan tutib bordim. Sinfxonaga kirsak, u yerda yolg‘iz o‘tirgan ustoz farzandini kutib olayotgan onadek ochiq chehra bilan o‘quvchisini qarshi oldi.

Tashqari o‘ta sovuq. Isitish tizimi xona haroratini bir me’yorda saqlab turadigan darajada emas. Shuning uchun konditsionerdan ham foydalanilyapti. Shuning evaziga sinfxona harorati yaxshi.

- Ustoz, agar bir o‘zi bo‘lsa, qizimni qaytarib olib ketaymi? – dedim. 

- Qolgan bolajonlarim ham kelib qolar, kutib o‘tiribman, - dedi o‘quvchisining qo‘lidan tutib turgan muallima. Qizim ham uyga qaytishni istamadi.

Xayrlashar ekanman, ustozga qizimning sinfdoshlari kelmasa, istagan paytda qo‘ng‘iroq qilib aytishini, uni olib ketishim mumkinligini tayinladim.

Tushlikka yaqin uydan qo‘ng‘iroq bo‘lib, qizimni maktabdan olishimni aytishdi.

Maktabga bordim. Borsam, ustoz-shogird ikkisi sinfda dars bilan mashg‘ul ekan.

- Bugun qizim ikkimizgina o‘qidik-da, - dedi ustoz samimiy.

- Nimaga aytmadingiz, ustoz? Olib ketardik, bir o‘ziga dars berdingizmi? - dedim xijolat bo‘lib.

- Bu mening vazifam, burchim! - dedi u. 

Yo‘l-yo‘lakay qizim bilan o‘tgan darslari to‘g‘risida suhbatlashib ketdik. Ustozi uning bir o‘ziga shu kungi jadvaldagi barcha fanlardan odatdagidek dars o‘tganini aytdi. Shuningdek, vaqt bemalol bo‘lganligi uchun o‘qish savodxonligi, diktant, matematik masalalar kabi qo‘shimcha mashg‘ulotlar bilan shug‘ullanishganini gapirib berdi.

O‘qituvchi birgina o‘quvchiga dars berishdan zerikib, asabiylashgandir, balki vazifa berib, uni sinfda yolg‘iz qoldirib, chiqib-kirib yurgandir, degan o‘ylar bilan turli savollar berib, qizimdan javob olishga harakat qildim. Ustozi biror daqiqa ham uni qarovsiz qoldirmaganligini, aksincha, bugungi darslari har doimgidan-da zo‘r va maroqli o‘tganini, katta tanaffus paytida maktab oshxonasida birga ovqatlanishganini bolalarcha beg‘uborlik va xursandchilik bilan aytib berdi. 

"Ertaga maktabga bormassan, bir o‘zing o‘qib o‘tirasanmi bugungiday, uyda o‘tiraqol,  qizim", desam, unamay, ertasi kuni ham maktabga olib borishimni iltimos qildi. 

Qizim ana shunday o‘z kasbining fidoyisi bo‘lgan ustoz qo‘lida ta’lim-tarbiya olayotganidan xursand bo‘ldim. Ularning safi kengaysin!

Sherzod SUVONQULOV.