Bir yarim milliard aholi yashaydigan Hindistonning 30 foizga yaqin fuqarosigina uyli. Yangi massiv, uy-joylar faqat shahar chetidan quriladi
Aslida sayohat haqida yozishdan osoni yo‘q. Hatto, ziyoli tanishlarim so‘raganda ham agar "xorijdaman", desam, darhol "rasm tashlang" deyishadi. Ana shunaqa, ko‘pchilikka borgan yeringiz, ko‘rganingiz qiziq. Nima uchun bording, nima taassurot bilan kelding, deguvchilar sanoqli.
Ko‘p holda bunday savollar o‘sha davlatning tabiati, bozoridagi narx-navodan nariga o‘tmaydi. Vaholanki, dunyo kezish barobarida dunyoviy muammolarni ko‘targan asarlar hamma yerda, hatto o‘zimizda ham qaysi tilda bo‘lishidan qat’i nazar, qo‘lma-qo‘l o‘qilyapti, tarjima qilinyapti.
Hindistonning betakror tabiati, mehnatkash, el bo‘lib shakllangandan buyon birovning yurtiga bostirib kirmagani, qayta-qayta istilo qilingani to‘g‘risida gapirib o‘tirmayman. Bu xususda yuzlab kitoblar bor. Bundan tashqari, internetdan istagan mamlakatingiz haqida xohlagancha ma’lumotni ola bilasiz.
Hurmatli mushtariy bilan sayohat va ziyoratlar chog‘ida quvvai hofizam darajasida ko‘rganim, ilg‘aganim - ibratlarni baham ko‘rmoqchiman. Ibrat deganim ma’nosi shuki, bizda ham hozirgi kunda foydasi tegadigan ana shunday ishlarni qilish mumkin. Ibrat deganimning yana bir ma’nosi bukim, foydasi tegadigan bunday ishlar tarbiyasi oiladan boshlanadi.
Birinchidan, bir yarim milliard aholi yashaydigan mamlakatning 30 foizga yaqin fuqarosi uyli, xolos. Puli yo‘q odam uy-joy olishga harakat qilmaydi. Biz esa yurolmay qoladigan holatimizgacha ssuda, kredit yoki qarz to‘lab ovoramiz. Bundan tashqari, hali maktabda o‘qiydigan farzand yoki nevaramizga ham uy-joy olib qo‘ymasak, ko‘ngil o‘rniga tushmaydi.
Ikkinchidan, yangi massiv, uy-joylar faqat shahar chetidan quriladi. Hatto shahar ichida bo‘sh joylar xarob holda yotgan bo‘lsa ham, bu yerda uy qurishga ruxsat yo‘q. Daraxt bor maydonlar buzilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Bizda esa 10 kvadrat metr ochiq joy topilsa, boyvachchalar o‘sha yerda uy qurish uchun jon-jahdi bilan yugurib, iymonidan ham voz kechadi.
Uchinchidan, bu zaminda ota-ona, farzand, kelinlar, nevaralar bir hovlida yashashni baxt deb bilishadi.
To‘rtinchidan va eng muhimi, hindistonliklar qadimiy obidalarni tomosha hamda ziyorat qilishni farz deb qabul qilishgan. Hatto bolalarini, chaqaloqlarni olib kelishadi. Deyarli barcha obida va muzeylarga keluvchilarining 80 foizga yaqini mahalliy aholi vakillari. Tag‘in kimga tegishli bo‘lishidan qat’i nazar, har bir qadimiy bino va ashyoga ishtiyoq, havas bilan qarashadi, navbatda turishdan erinmaydi. Zavq bilan suratga tushadi.
Keling, endi bir tahlil qiling, misol uchun Samarqand jami aholisini qo‘ya turaylik, ziyoli qatlamining qanchasi o‘z shahridagi obidalarga ziyoratga borgan?
Beshinchidan, meni ziyoratgohlarda o‘rnatilgan tartib-intizom hayratga soldi. Biror kishi uni buzishga urinmaydi, navbatini sabr bilan kutadi. Olingan chipta (jeton)ni chiqishda topshirasiz, aks holda yana pul to‘lash kerak. Shu orqali tushayotgan mablag‘larning talon-toroj bo‘lishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Mashina, maxsus avtobuslarni qo‘yish joylarida tartib yanada mustahkam, jarimasi juda katta, mabodo haydovchi yoki ziyoratchi tomonidan tartib buzilsa, ularni boshlab yurgan mas’ul (rahbar) ham jarimaga tortilarkan.
Albatta, obidalardan tashqaridagi, ayniqsa gavjum ko‘cha va bozorlardagi tartibsizlik, daraxt ostida, maysazor ustida yotib kun ko‘ruvchilar ta’bingizni xira qiladi, ammo buni yozganim bilan ahvol o‘zgarib qolmaydi yoki Hindistonga borayotgan kishi orqasiga qaytmaydi. Qolaversa, ulardan ancha saranjom bo‘lsak-da, hali o‘zimizda ham qo‘lidagi chiqindini duch kelgan joyga tashlab ketayotganlar yo‘q emas.
Oltinchidan, harakat xavfsizligi haydovchilarning o‘ziga xos ruhiyatiga asoslangan. Haydovchilar bir-biriga oddiy ishora bilan yo‘l beradi, bir-birini haqorat qilmaydi. To‘g‘risi, bir hafta davomida eng tig‘iz ko‘chalarda ham riksha yoki mashinaning bir-biriga urilganini ko‘rmadim. Bunaqa holat kamdan-kam ro‘y berarkan.
Bu taassurotlar faqat ko‘rganim emas, odamlardan so‘rab ham oldim.
Bu gaplarni bejiz aytmadim. Biz dunyoga eshik ochdik, sayyohlar, ishbilarmonlar oqimi ko‘paymoqda. Ruhiyatimiz, kayfiyatimiz, fe’limizni ham, ishlarimizni ham shunga moslab borishimiz kerak, deb o‘ylayman. Shuning uchun ham faqat kishilar turmush tarziga oid holatlar haqida mulohaza yuritdim.
Farmon TOShEV.
Toshkent – Jaypur – Agra - Toshkent. 2023 yil, 22-27 noyabr.