Tanqiddan kim manfaatdor? Uni aytuvchimi yoki eshituvchi?
Avvaldan aytib qo‘yay, quyida keltirilayotgan fikrlarim yuqoridan keladigan tanqidni topshiriq, pastdan keladiganini g‘iybat deb tushunadigan rahbarlarga tegishli.
“Tanqid kelajakning mevasi”, deymiz-u ammo “Tanqid asal emas”, deb qo‘shib qo‘yamiz. “Yaxshidir achchiq haqiqat” deymiz-u, “Ko‘ngil qoldirgan dushmandan yomon”, deb qo‘yamiz. Garchi bizda tanqid so‘zi ommalashgan bo‘lsa-da, aslida u oddiy e’tirozdan, taklifdan boshlanadi. Bu usul ish bermasa, kinoya, luqma yoki jiddiy gapga o‘tamiz. Ijtimoiy tarmoqlarda biz bugungi kunda tanqidning eng qo‘pol, hatto rivojlangan davlatlarda qo‘llanilmaydigan uslublarigacha yetib keldik. Faoliyatimizga, hayotimizga, umuman, sha’nimizga aytiladigan har bir e’tirozni tanqid, dushmanlik deb qabul qila boshladik. Ikkinchi tomondan esa, e’tiroz bildiruvchilar “Men fuqarolik burchimni bajaryapman”, deb o‘zini oqlash bilan ovora.
Keling, bir tasavvur qilaylik, hovlingiz oldidan oqib o‘tuvchi ariq ancha vaqt tozalanmaganligidan yomon ahvolga tushgan, daraxtlar ham qarovsiz, ko‘chalar chetida gul ekilmagan. Bu holat, tabiiyki, qo‘ni-qo‘shnilarda e’tiroz uyg‘otadi. Nihoyat ulardan biri “Qo‘shni, hovlingiz oldini sal tartibga keltirganingiz ma’qulmi...”, deydi. Ishonavering, hatto ko‘chada bir o‘zingiz bo‘lsangiz ham bu gapni hazm qilolmaysiz, “Mening hovlim bilan nima ishingiz bor?” deysiz. Keyin mahalla oqsoqoli keladi. “Birodar shu yo‘ldan yaxshi-yomon, katta-kichik o‘tadi, hovlingiz oldiga qarab qo‘ysangiz bo‘lmaydimi?!”, deydi. Siz bu gapni ham hazm qilmaysiz. Nimadir bahona o‘ylab topasiz. Mahalla oqsoqoliga achchiq so‘z aytasiz.
Keyin… Shu ko‘chaga sektor rahbari yoki tuman rahbarlarining yurishi boshlanadi. Siz noiloj oila a’zolaringiz, qarindoshlaringiz bilan hovli atrofini tartibga keltirasiz va darvoza oldida mehmonlarni kutib olasiz. Ular esa “Yashang, akaxon, kiroyi hovli shunaqa bo‘ladi-da”, deb maqtaydi. Darvoza oldidagi saranjom-sarishtalik uchun na qo‘shningiz va na oqsoqol, faqat o‘zingiz rahmat eshitasiz.
Xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar haqida ham xuddi shunday deyish mumkin. Jurnalistlar, blogerlar tomonidan aholining e’tirozlari ularga yetkazilgach, uni to‘g‘ri qabul qilib, kamchiliklarni bartaraf etganligi uchun aynan shu tashkilot rahbari yoki xodim rahmat eshitadi. Ammo nima uchundir bizda bu haqiqatni tushunmaydiganlar paydo bo‘lyapti. Negaki, ayrim tashkilot rahbarlari e’tiroz, tanqidni shu qadar og‘ir qabul qiladiki, go‘yo siz uning faoliyatidan atayin xato izlagandek ko‘rinasiz. Vaholanki, ko‘p odamlar bu tashkilot faoliyati ustidan norizo bo‘lib, murojaat qilgandan keyingina siz bu haqda ularga xabar berasiz.
Maxsus libos kiyadigan idoralarning rahbarlari ham, xodimlari ham sirkasi suv ko‘tarmaydi. Ular o‘z faoliyatiga aralashish tartib-tamoyilda man etilganini pisanda qilishadi. Go‘yo ular faoliyatida xatolik bo‘lmaydi, bo‘lganda ham o‘zlari bartaraf qilishadi. Chetdan aytilgan e’tiroz ularning obro‘sini tushirarmish. Ammo matbuotdagi chiqishlar, ijtimoiy tarmoqdagi ayrim holatlar har qanday jamoada ham faqat ko‘pchilik fikrini inobatga olib ishlaganda ko‘zlangan natijaga erishish mumkinligini ko‘rsatib turibdi.
Bir tashkilot rahbariga xizmat yuzasidan uning xodimi arzi holini yetkazganimda “Bizning idoraning gaplari sizlargacha yetib bordimi, idoradagi gapni chetga chiqargan xodimni yaxshi ko‘rmayman”, dedi. Mana sizga rahbarning saviyasi! Mana, sizga Prezidentimizning talablariga javob! Axir, shu xodim muammoni siz orqali yecha olmagandan keyin boshqa yerga murojaat qilishiga to‘g‘ri kelgan-da. Shu xodim bilan bo‘lgan voqea jamoada tartib, adolat o‘rnatish uchun aynan sizga kerak emasmi?
Davlatimiz rahbari har bir tashkilotda ochiqlik, oshkoralik ustuvor bo‘lishi, jamoatchilik bilan bamaslahat ish tutilishi kerakligini talab qilayotgan bir paytda siz faoliyatingizdagi kamchiliklarni kimdan yashirasiz?
Ochig‘i, bugungi ayrim tadbir, yig‘ilishlarda rahbarlarning o‘zini tutishiga qarab ham tanqid, e’tiroz eshitishga, jamoatchilik bilan hisoblashishga moyilligi bor yoki yo‘qligini aniqlash qiyin emas. Ularning jiddiy turishi tagida kibrdan boshqa narsa yo‘q. Biror jo‘yali taklif bildirgudek bo‘lsangiz, o‘zini shu qadar “alloma” qilib ko‘rsatadiki, keyingi safar hatto u bilan suhbatlashishdan ham tiyilasiz.
Tanqidiy fikr bildirganlar yoki yuqori tashkilotga murojaat qilganlarga munosabat borasida hatto oddiy odamgarchilikka ham to‘g‘ri kelmaydigan noxush holatlar bor: “Nega arz qilding?”, “O‘sha arz qilgan odamingning oldiga bor, masalangni hal qilib bersin!”. Aytingchi, bu gap-so‘zlar insoniylikning qaysi taomiliga to‘g‘ri keladi? Axir, ota-bobolarimiz hech qachon insonning sha’niga tegma, qalbiga ozor berma, adolatsizlik qilma deb o‘rgatishgan-ku. Qolaversa, qurbaqani bossang ham “vaq” degan ovoz chiqaradi. Axir biz nohaqlikka duch kelgan, ahvolini o‘nglash ishtiyoqida rahbarlardan ko‘mak, adolat so‘ragan odamga nisbatan ham shunday munosabatda bo‘lishga haqlimizmi? Uning o‘rniga bir lahza bo‘lsa-da, o‘zingizni qo‘yib ko‘rdingizmi?
Sha’nimizga bildirilgan tanqid aslida faoliyatimizdagi kamchiligimizdan kelib chiqadi. Agar biz bugungi tizimlarimiz imkoniyati darajasida aholi bilan o‘z vaqtida suhbatlashib, ularni hayotiga oid ma’lumotlardan xabardor etsak, murojaatlar ham, e’tirozlar ham kamayadi. Ming afsuski, aksariyat rahbarlar muammolarni kabinetda, stolni mushtlab hal qila olaman, deydi. Bu esa yana e’tirozlarni keltirib chiqaradi.
Sizni tanqid qilishdi, faoliyatingizga e’tiroz bildirishdi. O‘ylab ko‘ring, agar shu e’tirozni qabul qilib, aytilgan kamchilikni bartaraf etsangiz, kim manfaat ko‘radi? Bu savolning javobi vijdoningizga havola.
Farmon Toshev.