So‘ziga sadoqatli ustoz

Samarqandda Oliy Majlis Senati a’zosi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Farmon Toshevning 70 yoshi munosabati bilan tantanali anjuman bo‘lib o‘tdi.

Anjumanda viloyat hokimi Erkinjon Turdimov so‘zga chiqdi.

- Viloyatning eng olis, Paxtachi tumanidan kelib, nafaqat Samarqand, balki respublikamizda o‘z so‘zi va nufuziga ega bo‘lish uchun qanchalik mashaqqatli yo‘lni bosib o‘tish lozimligini yaxshi anglaymiz, - dedi hokim o‘z so‘zida. - Samarqand ma’naviy muhitini Farmon Ishoqovichsiz tasavvur qilish qiyin. Bugun u kishiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Faxriy yorlig‘ini Prezident maslahatchisi G‘afurjon Mirzayev katta hurmat bilan topshirdi. Farmon aka mamlakatimizning yuksak mukofotlari - "Mehnat shuhrati", "El-yurt hurmati" ordenlari, “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist” faxriy unvoni bilan taqdirlangan. Bunday e’tiroflar u kishining o‘z so‘ziga sodiqligi, xalq xizmatida fidoyiligi ortidan kelgan, albatta.

Anjumanda, shuningdek, “Nuroniy” jamg‘armasi respublika boshqaruvi rahbari, O‘zbekiston Qahramoni Sodiqjon Turdiyev, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi direktori Abdusaid Ko‘chimov, Samarqand davlat universiteti rektori Rustam Xolmurodov va boshqalar ijodkor haqida iliq fikrlarni bildirishdi.

Bir paytning o‘zida aholining turli qatlamlari qalbidan joy olish uchun bag‘rikenglikning o‘zi kamlik qiladi. Anjumanda so‘zga chiqqanlar Farmon Toshevning davlat va jamoat ishlaridan ortib, samarali ijod qilayotganiga ham to‘xtalib o‘tdilar.

Poytaxt va boshqa viloyatlardan tashrif buyurgan hamkasb va shogirdlarning iliq fikrlari ustoz siymosini, uning serqirra ijodini namoyon etdi.

***

FARMON TOShEV

Zarafshondek to‘lib-toshib,

Oltmish to‘qqiz qirdan oshib,

Yetmish degan manzilga ham

Yetib keldi Farmon Toshev.

Yetmish manzil - yetmish kitob,

Yetmish kitob - yetmish bog‘dir,

Yetmish bog‘da - yetmish xitob -

Yetmish xitob - yetmish tog‘dir.

Yetmish bobo, sizni har iz,

Samarqandning sharaf-shoni,

Yangi zamon jadidi - Siz,

Yangi zamon qahramoni,

Muzaffaru munosibsiz,

Vatan, millat unvoniga.

Yurtboshimiz mehri cheksiz,

Sizdek tanti o‘g‘loniga.

Tilagimiz o‘sha-o‘sha:

- Yuz yoshda ham shoshib yuring.

Qo‘lda qalam, elga - pesha,

Zarafshondek toshib yuring.

Abdusaid Ko‘chimov,

2024 yil 6 aprel.