Samimiyat nima, siz o‘zingizni samimiy inson, deb bilasizmi?
Lug‘atlarda bu so‘zga «sidqidillik, chin qalbdan, beminnat qilingan ish yoki aytilgan so‘z» deb izoh berilgan.
Samimiy odam har qanday holatda ham o‘zgarmaydi, chunki u ko‘nglidagini aytadi. To‘g‘ri, samimiy kishini aldash oson, ammo u bundan xafa bo‘lmaydi, kechirimli bo‘ladi.
Ba’zan hayotning sinovlariga chiday olmagan kishilar samimiyatini yo‘qotishi mumkin ekan. Bundan tashqari, irodasizlik va shaxsiy manfaat ham bu olijanob tuyg‘uning kushandasidir.
Yaqinda huzurimga bir yigit keldi. Bankda ishlar ekan. Rahbarining ustidan shikoyat qildi. Dunyodagi hamma yomonlikni uning ustiga ag‘darib tashladi. Hokimning mahalladagi yordamchiligiga o‘tishimga qarshilik qildi, dedi. Men ishondim. Shu yerning o‘zida telefonda bog‘lanib holatni surishtirdim.
Ma’lum bo‘lishicha, bu yigit bankdan birovning pulini qalbaki hujjat bilan o‘z akasi firmasiga o‘tkazgan. Rahbar unga yomonlik tilamasdan ariza bilan ketishini tavsiya qilgan. U esa ta’til olib, keyin ketaman, degan. Ta’til davrida hokimning mahalladagi yordamchiligiga o‘tish maqsadida ARGOSga test topshirgan va juda kam ball olgan. Endi alamidan bank rahbariga o‘zini ishda qoldirishi uchun turli hiyla-yu tuhmatlar ishlatyapti.
Mana sizga nosamimiylikning yorqin misoli.
Bank krediti sohasida nosamimiylik shu qadar ko‘pki, ba’zilarini eshitib, yoqa ushlaysiz. To‘g‘ri, bank xodimlarida ham ayb ko‘p, lekin bu boshqa masala. Kredit olguncha, yuzlab hujjat qilgan, o‘nlab qasam ichgan kimsalar mas’ullarni o‘ziga ishontirgan. Biroq, pulni olgach, shaytonga oshno bo‘lishgan. Aniqrog‘i, kreditni belgilangan maqsadga emas, o‘zi avvaldan o‘ylab yurgan rejasiga ishlatadi. To‘lov payti kelgach esa «tadbirkorga kun yo‘q» deb uvvos soladi. Chunki qarzni qaytarishga puli yo‘q, uni boshqa joyga ishlatib qo‘ygan.
Oliy o‘quv yurtlaridan bir o‘qituvchi keldi. Kafedraning faoliyati to‘g‘risida oddiy ma’lumot taqdim etdi. Yaxshi ishlayapmiz, shuni ko‘pchilikka ma’lum qilaylik, dedi. Uni maqola tarziga keltirib berishga kelishdik. Ammo «muallif» maqola ertaga chiqishi kerak, dedi. Iloji yo‘qligini aytsak, boyaqish ko‘ziga yosh oldi. Meni atay yubordi, yo‘lini qilib chiqarib kel, bo‘lmasa, ishdan ketasan, dedi.
Mana sizga ziyolining nosamimiyligi!
«Samimiyat»chilarning yana bir toifasi borki, ulardan Xudoning o‘zi asrasin! Ular laganbardorlar va ishini bitirib olish uchun ming tusga kiradigan buqalamunlardir. Ishi tushsa, masalani aytishdan oldin sizni shunchalik ko‘pirtirib maqtaydiki, odam uyalib ketasan. Bunday toifadan nafaqat uzoqroq yurish, balki ular safiga kirib qolishdan ham saqlanish kerak.
Ba’zilar fermer xo‘jaligi, tashkilot rahbari, mahalla oqsoqoli ustidan shu qadar xokisor, tahqirlangan yoki vajohat bilan arz qiladiki, ishonganingizni bilmay qolasiz. Joyiga borib o‘rganilganda, ahvol butunlay boshqacha bo‘lib chiqadi. «Bechora» shikoyatchi mahallaning tajribali «hojatbaror»i bo‘lib chiqadi. U aytganini qilmagan rahbarga «ko‘rsatib qo‘y»ishga kirishgan. Uzoqqa bormang, bunaqa hodisalarni ijtimoiy tarmoqda har kuni ko‘ramiz.
Samimiy inson hatto otasi yoki onasi vafot etganda ham uvvos solib, dardini ko‘pchilikka ko‘z-ko‘z qilmaydi, ichida yig‘laydi. Samimiy inson arzimagan muammo uchun birovga arzu dod qilmaydi, birovdan yordam so‘rashga or qiladi. Shuning uchun ham davlat chinakam muhtojlarga samimiy yordam ko‘rsatyapti. Ana shunday paytda o‘ziga to‘qroqlarning «mengachi?» deyishi ham samimiyatdan emas.
Samimiy inson qo‘shnisi, hamkasbi, tanishiga omad kulsa quvonadi, boshiga tashvish tushsa, birga kuyadi, holidan xabar olib turadi. Ayniqsa, bemor, pensiyaga chiqqan og‘aynilarini yolg‘izlatib qo‘ymaydi. Munosabatni ilgarigidek davom ettiradi.
Endi o‘z-o‘zimizga savol berib ko‘raylik:
- Men samimiymanmi?
- Nosamimiy odamga qanday muomala qilyapman?
- Samimiy odamlarning qadriga yetyapmanmi?
Binobarin, bu savollarga chin dildan topilgan javoblar har birimizning ma’naviyatimizni belgilaydi.
Bu gapim hammamizga xush kelmasligini bilaman. Chunki bu tabiiy holat: yarmimiz samimiy, yarmimiz esa... Muhimi, davralarda, suhbatlarda samimiyat qadri haqida gapirib turaylik.
Samimiy bo‘laylik, azizlar!
Farmon Toshev.