Farosat tug‘ma fazilatmi?

Professor Mamayunus Pardayev bilan O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Farmon Toshev suhbati

 Farmon ToshevDomla, siz garchi iqtisodchi olim bo‘lsangiz ham, ko‘p yillardan buyon publitsistikada, hatto badiiy ijodda qalam tebratasiz, ya’ni inson ruhiyatini o‘rganasiz. Siz bilan shu haqda suhbatlashish niyatim bor edi.

Mamayunus Pardayev: Aslida ziyoli degan so‘zning o‘zi insonning ma’naviyatini anglatadi. Chunki, falsafa, tarix, adabiyot haqida tushunchaga ega bo‘lmaslik yoki unga qiziqmaslik ziyolilikni anglatmaydi. Qoralamalarim esa, eng avvalo, kitoblardan o‘qib olgan taassurotlarim va hayotiy tajribam natijasidir. Binobarin, men sizda ham inson ruhiyatini chuqurroq o‘rganish harakatini ko‘raman.

F.T: Ijodkorning vazifasi kishilarga dunyoni anglashga yordam berish, ya’ni nuqtai nazar shakllantirish. Odamlar e’tiborini bir masalaga jalb etish uchun ularni ana shu masala yechimiga ishontirmoq kerak.

M.P.: Fikringizga qo‘shilaman, ammo globallashuv jarayoni inson ruhiyatini ham o‘zgartirib yubordi. Bugunning odami katta asarlarni, hatto katta axborotlarni ham hafsala bilan o‘qimaydi. Shu sababli tajribamizga tayanib, mavzu yuzasidan quvvai hofizamizga yarasha ixcham iboralar orqali fikrlashsak, degan edim. Binobarin, kaminada ham, sizda ham bu uslub shakllangan.

F.T.: To‘g‘ri aytasiz domla, bundan uch yilcha muqaddam ikkalamiz ana shu uslubda uyushtirgan suhbat ko‘p nashrlarda e’lon qilindi. Bu orada mening “Tafakkur manzaralari”, sizning esa “Mamayunus Pardayevdan saboqlar” kitoblarimiz chop etildi. Umuman, odamlar ruhiga oyatlar, hadislar, maqol va naqllar, iboralar orqali ta’sir o‘tkazish adabiyotimizda ilgaridan bor janr. Faqat biz uni qudratidan foydalanmayapmiz.

M.P.: Bizda ishlagan odam xato qiladi, degan ibora yuradi. Ayrim qusurlarga ham ana shu nuqtai nazardan yondashamiz, xatosini kechiramiz.

F.T.: Albatta, beayb Parvardigor. Ishlamagan odam xato qilmaydi, ishlagan xato qiladi. Bu bor gap, biroq nazarimda har qanday ishga ham xato qilishim mumkin, deb yondashish mas’uliyatni susaytiradi. Buni hayot ko‘rsatyapti.

M.P.: Bu gapingizga qo‘shilaman. Mas’uliyati yo‘qlar o‘zi qilishi kerak bo‘lgan ishni ham birov aytmagunicha bajarishmaydi. Turtkiga o‘rgangan odam mexanik soatga o‘xshaydi, dam solib turmasang, ishlamaydi.

F.T.:  Masalan, men shunday tushunaman: qumursqa, asalari, chigirtka va yana boshqa ko‘plab jonzotlar o‘z saflarini kasal, haromxo‘rlardan o‘zlari tozalaydi. Vaholanki, Xudo bergan aqlimiz bo‘lishiga qaramasdan, biz, odamlar bu borada ancha orqadamiz.

M.P.: Bilasizmi, nodon kishi o‘zining zo‘rligidan maqtangisi kelsa, hech imkoniyat topmagan pallada nima qiladi?

F.T.: Agar u nodon bo‘lsa, atrofdagilarga o‘z kuchini ko‘rsatish uchun avval o‘z o‘toviga olov qo‘yarkan. Bu shuhratparstlik kasali.

M.P.: Alamzadalikni qanday davolash mumkin va uning ruhiyati qanday bo‘ladi?

F.T.: Alamzadalik aslida davolanadigan illat emas, uning faqat oldini olish mumkin. Chunki alamzada odam ko‘z o‘ngidagi hammadan qasd olishga intiladi. Bir kishidan alamini olsa ham tinchimaydi. Shu sababli birovning alamini keltirishdan asranmoq lozim.

M.P.: Qanday odamlar o‘zini boshqara oladi va mos ravishda o‘zi bilan kurasha oladi?

F.T.: Faqat ilmli, farosatli, tarbiyali odamgina o‘z fikri bilan kurasha oladi. Aks holda, u nuqul boshqalar bilan bahslashadi.

M.P.: Odamlarda nafratlanish bor. Nafratsiz yashashning imkoni yo‘qmi?

F.T.: O‘zini boshqara olmaganlarda ortiqcha nafratlanish bo‘ladi. Bu insondagi ezgu fazilatlarni xira torttiradi, nafratlanganlar oldida o‘z obro‘sini o‘zi past qilib qo‘yadi.

M.P.: Ayrimlar kibrdanmi, jahldanmi, bilmadim, ba’zan salomlashishni ham ep ko‘rishmaydi.

F.T.: Inson nafratlanganda salomlashishni ham o‘ziga ep ko‘rmaydi. Biroq bunday odatni haddan ko‘p takrorlab bo‘lmaydi. O‘zimizga ham boshqalardan shunday munosabat bo‘lishi mumkin.

M.P.: Odamni nima ko‘proq lanj va dangasa qilib qo‘yadi?

F.T.:   Oson narsaga intilish ishtiyoq va hafsalani o‘ldirib boraveradi.

M.P.: Befarqlik nima? Bularda xolislik bo‘ladimi?

F.T.: Atrofdagi voqealarga munosabat bildirmaslik, jim turish hamma vaqt ham xolislik emas, noshudlikni yashirishdir.

M.P.: So‘z bilan musobaqa o‘ynab bo‘ladimi?

F.T.:  So‘zda bahslashganlar o‘rtasida hech qachon g‘olib bo‘lmaydi.

M.P.: Hamma ma’rifatli bo‘lishni xohlaydi, ammo bu darajaga hamma erishmaydi. Nima uchun?

F.T.: Ma’rifatni aytmoq uchungina emas, uni tinglamoq va hazm qilmoq uchun ham ma’rifatli bo‘lmoq lozim.

M.P.: Xushomadgo‘ylar nima uchun oramizda ko‘payib bormoqda?

F.T.: Xushomadgo‘y o‘z yolg‘oni va maqtovlari bilangina kun ko‘ra olishini unutmang, uning hayotdan boshqa manfaati yo‘q. Kim manfaati uchun yashayotgan bo‘lsa, uning xushomaddan boshqa ishi ham yo‘q. Xushomadga barham berishning yo‘li uni hazm qilmaslikdir.

M.P.: Agar insonda farosat va sezgi bo‘lmasa ahvol ne kechgan bo‘lardi?

F.T.: Ko‘zing ochiq ersa, dunyoni ko‘rarsan oshkor,

Bildiradi tiling qaysi ta’mda maza bor,

Qulog‘ingga kelgay barcha sadolar bisyor,

Ammo bo‘lmasa agarda ko‘ngilda sezging,

Ko‘r, kar qolursan, sezgining barchasi bekor.

M.P.: Odatda tavba qilgan odam komil bo‘ladi, komil insonlar ilmli bo‘lishlari zarur, degan gapga nima degan bo‘lar edingiz?

F.T.:  Tavba qilmoqlik uchun avvalo iqror kerak,

Komilikka zakovat, bilimga takror kerak.

M.P.: Jaholat hamisha bor narsa. Bundan doimo himoyalanib turish uchun nima qilmoq kerak?

F.T.: Jaholatdan asranishning yo‘li bitta, u ham bo‘lsa ilmdir. Binobarin, oilada yaxshi tarbiya ko‘rmagan bolalarni ilmga qiziqishi ham juda kam bo‘ladi.

M.P.: Istaymizmi-yo‘qmi, biz murakkab vaziyatda kimgadir, nimagadir suyanamiz.

F.T.: To‘g‘ri, lekin xalqda shunday bir naql bor: “Birovga suyangan bir muammoni yengadi, o‘ziga suyangan umr bo‘yi birovga suyanmasdan yashaydi”.

M.P.: Shu o‘rinda bir fikr kelib qoldi, odamlar birovlarning kamchiligiga ham suyanishadi.

F.T.: Kinoyangizni tushundim, boshqalarning xatolarini ko‘pchilik o‘rtasida aytish bu shuhratparastlikka intilishdir. Buni hayot haqiqati ko‘rsatib turipti.

M.P.: Birovning qusurini aytganda biz bilib-bilmay yolg‘on ishlatamiz.

F.T.: Domla, bu tabiiy hol. Birinchidan, yolg‘onni aytish oson, ikkinchidan, yolg‘on gapirganingizda hozir odamlar e’tiroz bildirib o‘tirishdan erinadi, gapingiz o‘zingizga xuddi to‘g‘ridek yoki ko‘pchilik qabul qilgandek tuyuladi. Bunday paytda birovning sha’niga tegadigan gap aytilganda qonunlar ishga tushishi kerak.

M.P.: Sizningcha, farosat tug‘ma fazilatmi?

F.T.: Ha, mutlaqo tug‘ma, ota-onaning qonidan o‘tadi. Misol uchun, ilmli odam ham gunoh qiladi, chunki unda farosat sust.

M.P.: Sizningcha, ruhiyatimizdagi bugungi qusurning eng kattasi nima?

F.T.: Maqsadsiz, rejasiz, ko‘chaning gapi bilan yashash, “mish-mish”ga ishonish, bundan tashqari, qarorimizning qat’iy emasligi.

M.P.: Ruhiyatimizdagi mana shu holatlarni odamlarga qanday tushuntirishimiz kerak? Ochig‘i, ayrimlar o‘zining ma’naviyatsizligi va ilmsizligini ham tan olmay qo‘yishdi.

F.T.: Bu holat faqat bizda emas, juda ko‘p joylarda manfaat ustunligi sezilib qolyapti. Bunday paytda ajdodlarimiz tajribasiga murojaat qilishimiz kerak. Ular yangi inson, komil shaxsni, eng avvalo, oilada, mahallada shakllantirishgan. Ehtimol, ota-onalar uchun “Odobnoma” kitobining oddiy variantlarini taklif qilishimiz kerakdir.

M.P.: Samimiy javoblaringiz uchun tashakkur.

F.T.: Dolzarb savollaringiz uchun sizga ham rahmat.