Bir yilda aliment to‘lashdan bo‘yin tovlagan 1 100 nafar qarzdorlar ma’muriy, 139 nafari esa jinoiy javobgarlikka tortilgan: MIB viloyat boshqarmasi

Byuroning viloyat boshqarmasi va tuman-shahar bo‘limlari tomonidan 2022 yilda 6,5 trln. so‘mlik 541.717 ta ijro hujjatlari yuzasidan 2,4 trln. so‘mdan ortiq mablag‘lar undirilishi ta’minlangan.

Aliment undiruvlari nafaqat Samarqand viloyatida, balki Respublika miqyosida muhim masalalardan biri. Viloyatda joriy yilning 1 yanvar holatiga aliment to‘lovlarini undirish bilan bog‘liq ijro hujjatlari 35.396 tani tashkil qiladi. 2022 yilda bu yo‘nalishda amalga oshirilgan majburiy ijro tadbirlari natijasida qarzdorlardan 141,7 mlrd. so‘mdan ortiq aliment pullari undiruvchilarga undirib berilgan.

Bu toifadagi ijro ishlari bo‘yicha tegishli davlat va nodavlat tashkilotlari bilan hamkorlikda olib borilgan profilaktik suhbatlar va chora-tadbilar tufayli 7555 ta oila tiklangan.

O‘z navbatida aliment to‘lovlarini to‘lashdan muntazam ravishda bo‘yin tovlab kelgan 1 100 nafar qarzdorlar ma’muriy javobgarlikka, 139 nafari esa jinoiy javobgarlikka tortilgan.

Mamlakatimiz iqtisodiyoti rivojining bazaviy asoslaridan biri - bank kredit siyosatini takomillashtirish, kredit qaytuvi va aylanmasi tizimini barqarorlashtirish bugungi kundagi eng dolzarb masalalardan biri hisoblanadi. 2022 yil davomida byuroning viloyatdagi organlari tomonidan banklar foydasiga undiruvlar bilan bog‘liq 1,9 trln. so‘mlik 34 622 ta ijro hujjatlari bo‘yicha ijro harakatlari amalga oshirilgan va amalda 499,6 mlrd. so‘m undirilgan.

Boshqarmaning surishtiruv va ma’muriy amaliyot sho‘’basi tomonidan tergovga qadar tekshiruv va surishtiruv davomida asosli va sifatli qarorlar qabul qilinishi ustidan doimiy nazorat o‘rnatilgan. Hisobot davrida boshqarma va tuman-shahar bo‘limlari tomonidan 147 ta jinoyat haqidagi ariza va xabarlar qayd qilinib, 145 ta holatda JKning tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan.

Boshqarmaning qidiruv sho‘’basi tomonidan tezkor qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi tegishli organlar bilan hamkorlikda olib borilgan tadbirlar mahsulida 2022 yil davomida muayyan natijalarga erishildi. Xususan, mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda 671 nafar qarzdor jismoniy shaxslarga nisbatan olib borilgan qidiruv tadbirlari natijasida 591 nafar qarzdorlar topilgan.

Shuningdek, 120 ta avtotransport vositalariga nisbatan olib borilgan qidiruv tadbirlaridada 110 tasi topilgan.

Byuroning viloyat boshqarmasi organlari ish yurituvida hududgaz ta’minoti korxonalari foydasiga qarz undiruvlari bilan bog‘liq 10 mlrd. so‘mlik 488 ta, elektr tarmoqlari korxonalari foydasiga 21,5 mlrd. so‘mlik 414 ta ijro hujjatlari mavjud. Shundan gaz ta’minoti korxonalari foydasiga 246 ta ijro hujjati bo‘yicha 1,9 mlrd. so‘m, elektr tarmoqlari korxonalari foydasiga 149 ta ijro hujjati bo‘yicha 2,1 mlrd. so‘m qarzdorliklar undirilgan.

2022 yilda boshqarma tizimiga jami 27186 ta murojaat kelib tushgan. Ularning 15 108 tasi qanoatlantirilgan, 10 273 tasi bo‘yicha huquqiy tushuntirish berilgan va 51 tasi rad etilgan.

Yana bir dolzarb masala - kadrlar bilan ishlash, tanlash, ularni joy-joyiga qo‘yish hamda malakasi va mas’uliyatini oshirish bo‘lib qolmoqda.

Bu boradagi faoliyatda o‘z xizmat vazifasini bajarishda tashabbus ko‘rsatgan, halol va fidoyi xodimlarni munosib tarzda rag‘batlantirilib, shuningdek, xizmat vazifalariga sovuqqonlik bilan qarab, tanbehlardan to‘g‘ri xulosa chiqarmagan, tizimni ishini orqaga tortayotgan xodimlarga nisbatan qat’iy choralar ko‘rib borilmoqda.

Jumladan, hisobot davrida 24 nafar xodim xizmatdan bo‘shatilgan, 48 nafar xodimga intizomiy jazo qo‘llanilgan, 98 nafar xodim attestatsiyadan o‘tkazilib, 3 nafari noloyiq deb topilgan va 3 nafariga sinov muddati berilgan.

Xodimlarning nomunosib xatti-harakatlari yuzasidan kelib tushgan murojaatlar va xabarlar asosida 56 nafar xodimga nisbatan 33 ta xizmat tekshiruvlari o‘tkazilgan. Kasb odobnomasi talablarini buzgan 43 nafar xodimga intizomiy jazo choralari qo‘llanilib, 3 nafar xodim Byuroning viloyat boshqarmasi organlaridan bo‘shatilgan.