Birinchi xonim Shahnoza Mirziyoyeva bilan Xivani ziyorat qildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning rafiqasi Ziroat Mirziyoyeva qizi – Maktabgacha ta’lim vazirligining maktabgacha ta’lim sohasi siyosatini shakllantirish va yuritish bosh boshqarmasi boshlig‘i Shahnoza Mirziyoyeva bilan Xorazm viloyatiga safar qildi.

Mamlakat birinchi xonimi qizi bilan Xivadagi Ichan qal’a me’moriy majmuasida mehmon bo‘lib, tarixiy yodgorlik bilan tanishgan, bozor rastalarini ko‘zdan kechirgan. Shahnoza Mirziyoyeva sayohati taassurotlarini ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida shunday izohlaydi:

“Ikki sahro, Qizilqum va Qoraqum orasida joylashgan Xiva shahri – azaldan hayot qaynagan voha durdonasi.

Bu yerdagi zamonaviylik va tarix uyg‘unligi so‘z bilan ifoda etib bo‘lmas muhitni yaratadi. Xivada har qadamda islom me’morchiligining yorqin namunalarini uchratish mumkin. Ushbu shamolli shaharda qadimiylik ruhini sezish, yurtimizning boy tarixi naqadar ulug‘vor ekanini his etish, me’moriy obidalar chiroyidan zavqlanish mumkin.

Xiva havosi kishini maftun qiladi, o‘ziga rom etadi... O‘zbekiston tarixi meni doim qiziqtirib kelgan. Xiva xonligi haqida ko‘p o‘qiganman. Lekin Xivaning o‘zida bo‘libgina mamlakatimiz o‘z tarixi bilan naqadar boy va buyuk ekanini to‘liq angladim!”