Birlamchi tibbiyot aholiga yaqinlashyapti, ammo qo‘shnisidan so‘rab muolaja olayotganlar ko‘paymoqda
Bugun shifokorning retsept yozib berishi va uning tartiblari bo‘yicha turli xil fikrlar bildirilmoqda.
Viloyat shifoxonalari yaqinida ba’zi onalarning «Shifokor o‘z hududimizdagi poliklinikaga yubordi, dori yozib bermayapti», degan fikrlarini eshitib qoldik. Aniqlanishicha, ular o‘z hududidagi poliklinika shifokoriga uchrashi kerak ekan. Shifokorning bemorga retsept yozib berishi yoki muolaja tayinlashi qanday amalga oshirilishi kerak?
- Viloyat hokimi E.Turdimovning o‘tgan yilning dekabr oyida tibbiyot xodimlari bilan uchrashuvi bemorlarga tavsiya etilayotgan dorilar vadorixonalar faoliyati tanqidiy tahlil etilgandi, - deydi viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Suhrob Zayniyev. – Shu yig‘ilishda belgilangan chora-tadbirlar asosida Samarqand davlat tibbiyot universiteti professor-o‘qituvchilari, tegishli idoralar vakillari ishtirokida joylarda o‘rganishlar olib borildi. Prezidentimizning «Aholini sifatli dori vositalari va tibbiy buyumlar bilan ta’minlash yuzasidan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori ijrosi o‘rganildi. Qator kamchiliklar aniqlanib, bartaraf etildi, hududlarning o‘zida seminar-treninglar o‘tkazildi.
Aslida har bir bemor o‘zida u yoki bu kasallik alomatlarini sezishi bilan o‘z hududidagi birlamchi tibbiyot muassasasi, ya’ni poliklinikaga murojaat qilishi lozim. Poliklinika shifokorlari bemorning holatiga qarab, uni shu yerning o‘zida yoki tuman hamda viloyat shifoxonalarida davolanishi lozimligi bo‘yicha yo‘llanma yozib beradi. Bugun aksariyat aholi shamollash bilan ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri tuman yoki viloyat shifoxonalariga murojaat etmoqda. Bu esa navbatlarning ko‘payib ketishiga sabab bo‘lmoqda.
Shu o‘rinda ko‘pchilik birlamchi tibbiyot muassasalarida turli darajadagi bemorlarni qabul qilish imkoni yetarlimi, kabi savollar tug‘ilishi tabiiy. Bu tizimda bir necha yildan buyon jiddiy o‘zgarish va yangiliklar amalga oshirilayotganini alohida ta’kidlab o‘tmoqchiman.
Birlamchi tibbiyot aholiga sezilarli yaqinlashdi
Birlamchi tibbiyot bo‘g‘ini mutlaqo yangi yondashuvlar asosida tubdan o‘zgartirilmoqda. O‘tgan yildan boshlab, har bir mahallada «xonadonbay» ishlaydigan tibbiy brigadalar tashkil etildi. Aholiga ko‘rsatiladigan sifatli tibbiy yordamni kengaytirish maqsadida birlamchi tizimga 2 500 ta o‘rta tibbiyot xodimi uchun shtat ajratildi, qishloqlarda joylashgan 43 ta oilaviy poliklinika zamonaviy UTT va EKG apparatlari bilan ta’minlandi, qishloq va mahallalarda 8 turdagi yangi tibbiy xizmatlar yo‘lga qo‘yildi.
Shu bilan birga, o‘tgan davrda sifatli tibbiy xizmatni «mahallagacha tushirish» bo‘yicha muhim qadamlar qo‘yildi. Jumladan, 7 ta oilaviy shifokor punkti, 5 ta oilaviy poliklinika to‘liq faoliyat ko‘rsatmoqda. Bundan tashqari. mahallalarda bo‘sh turgan binolar, shifokor uyi va tez yordam shoxobchalarida qo‘shimcha 30 ta mahalla tibbiyot punktlari tashkil etildi. Natijada viloyatda 162 ta oilaviy shifokorlik punkti, 67 ta oilaviy poliklinika, 240 ta mahalla tibbiyot punkti, 16 ta ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika faoliyati ta’minlandi.
Birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida har 2000 nafar aholiga bitta, jami viloyat bo‘yicha 1960 ta tibbiyot brigadalari tashkil etilib, oilaviy shifokorga yordam beradigan umumiy amaliyot hamshirasi, patronaj hamshiralari, patronaj doyalar jamlandi.
Amaliyotda kam samara bergan aholining chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘riklari o‘rniga hududning o‘ziga xos xususiyatlari va aholining guruhga mansubligidan kelib chiqib, muayyan kasalliklar bo‘yicha davriy profilaktik ko‘riklar va tibbiy skrining tekshiruvlari o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yildi.
Olis va chekka hududlarga shifokorlarni jalb etish maqsadida olis hududlar ro‘yxatlari 28 tadan 33 taga qadar kengaytirildi. «Qishloq shifokori» dasturi joriy etildi. Bunda olis va chekka hududlardagi oilaviy shifokor punktlari va oilaviy poliklinikalarda faoliyat yuritayotgan barcha shifokorlar oylik ish haqiga qo‘shimcha 2 million so‘m miqdorida har oylik ustama berilmoqda. Natijada olis hududga 56 nafar shifokor jalb etildi.
2021 yilgacha birlamchi bo‘g‘inga asosiy dori vositalari ro‘yxatidan kelib chiqib, formulyar asosida dori ajratilgan, 2021 yilda 66 turdagi dori vositalari, tibbiy buyumlar va sarflov materiallari, 2022 yilda 120 turdagi dori vositalari, tibbiy buyumlar va sarflov materiallari bilan ta’minlangan.
Poliklinikada nechta dori vositalari bo‘lishi kerak?
O‘zbekiston Respublikasi davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan qoplanadigan tibbiy yordamning kafolatlangan hajmlari ro‘yxati ishlab chiqildi va amaliyotga tatbiq etildi.
Unga ko‘ra, oilaviy shifokorlik punktida 68 turdagi nozologiya (kasallik belgilariga ko‘ra ekspress diagnostika), 15 turdagi laboratoriya (amalda 5 turdagi edi), 15 turdagi instrumental tekshiruvlar (amalda 10 turdagi), 78 turdagi dori-darmonlar bo‘lishi kerak.
Oilaviy poliklinikada 85 turdagi nozologiya, 15 turdagi laboratoriya (amalda 10 turdagi edi), 23 turdagi instrumental tekshiruvlar (amalda 15 turdagi), 90 turdagi dori-darmonlar bo‘lishi nazarda tutilgan.
Ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikada 110 turdagi nozologiya, 22 turdagi laboratoriya, 28 turdagi instrumental tekshiruvlar, 137 turdagi dori-darmonlar bo‘lishi lozim.
Tuman/shahar markaziy shifoxonalarida 257 turdagi nozologiya, 46 turdagi laboratoriya, 28 turdagi instrumental tekshiruvlar, 234 turdagi dori-darmonlar bo‘lishi belgilandi.
So‘ralganlarning 33 foizi antibakterial vositalarni shifokor retseptisiz sotib olgan
Birlamchi tibbiyot muassasalarida olib borilayotgan bu kabi o‘zgarishlar aholini birlamchi tibbiyotga yaqinlashtirdi. Ammo faqat shuning o‘zi kifoya qilmaydi. Chunki aholi orasida allaqachon qo‘shnilar, qarindoshlar so‘ziga kirib muolaja olayotganlar ko‘p. Bu nafaqat dorilardan noto‘g‘ri foydalanish, balki inson salomatligiga ham jiddiy salbiy ta’sirini ko‘rsatmoqda.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti yaqinda e’lon qilgan xabarda ham bu fikr tasdiqlandi. Xabarda jumladan, shunday deyiladi:
“Ekspertlar xulosasiga ko‘ra, dori-darmonlarga chidamli mikroblar har yili jahon bo‘yicha 5 million insonning hayotiga zomin bo‘ladi. Ularning yarim milliondan ziyodi JSSTning Yevropa mintaqaviy byurosiga a’zo 53 davlat hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Bu safda Markaziy Osiyo mamlakatlari ham bor.
Ana shu jug‘rofiy kenglikda joylashgan 14 davlatda o‘tkazilgan tadqiqotlarning tasdiqlashicha, bu hududda yashovchi aholining uchdan bir qismi antibiotiklarni shifokor retseptisiz qabul qiladi. Dori vositalaridan o‘zboshimchalik bilan foydalanish superbakteriyalarning jadal ko‘payishi va keng tarqalishiga imkon bermoqda. Oqibatda infeksiyalarni samarali davolash jarayoni qiyinlashyapti.
Xavotirli jihati, bu holat zudlik bilan tartibga solinmasa, 2050 yilga borib, dorilarga chidamli bakteriyalardan yillik o‘lim ko‘rsatkichi 10 millionga yetishi mumkin.
G‘arbiy Bolqon, Kavkaz va Markaziy Osiyo mintaqalaridagi 14 mamlakatni qamrab olgan tadqiqotga jalb etilgan 8221 nafar respondentning yarmi o‘tgan yili antibiotiklardan foydalanganligini tan oldi. Eng yomoni, ularning 33 foizi antibakterial vositalarni shifokor retseptisiz sotib olgan. Hatto ba’zi mamlakatlarda bu ko‘rsatkich 40 foizdan yuqori.
Ishtirokchilarning 67 foizi antibiotiklardan noto‘g‘ri foydalanish zararli ekanligidan xabardor. Ammo ularning deyarli yarmi bunday dorilar viruslarga qarshi kurashda samara beradi, degan yanglish xulosada”.
Demak, bugun aholi o‘rtasida ko‘proq targ‘ibot olib borish, birlamchi tibbiyot muassasalariga murojaat, o‘zboshimchalik bilan davolanayotgandagi xavflarning oldini olishda yordam bo‘lishini ta’kidlash lozim.
Retseptni kim yozib beradi va uning tartibi qanday?
- Me’yorlarga ko‘ra, poliklinika shifokori murojaat etgan bemorga, agarda kasallik ular darajasida davolanadigan bo‘lsa, hech qanday retsept yozib bermaydi, balki mavjud dorilardan bemorga ajratilishi lozim, - deydi viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Rustam Yarmatov. – Retsept faqatgina statsionar tarzda davolanadigan bemorlarga, unda ham agar o‘sha tibbiyot muassasasida bemorni davolash uchun ba’zi dori vositalari bo‘lmasa, yozib beriladi. Retsept yozilgan blankaga, albatta, shifokorning imzosi qo‘yiladi. Bemor zarur dorilarni sotib olgach, blankaga dorixona muhri urilib, mijozga beriladi. Mazkur blanka uni davolovchi shifokorga keltirilgach, u bemorning kartasiga biriktirib qo‘yiladi. Dori-darmonlar belgilangan me’yorlar asosida yozib berilishi kerak. Bugungi kunda mazkur qoidalarga asosan shifokor bemorga yozib beradigan dorilar soni sezilarli kamaytirildi, antibiotiklarni qo‘llash yo‘riqnomaga asosan amalga oshiriladi.
Gulruh Mo‘minova.