"Birovning ko‘magiga muhtoj edim, hozir o‘zim mustaqil yura olyapman"

Payariqlik Muhayyo Elmurodova tug‘ilish jarayonida oyog‘i shikastlanib, 5 yoshigacha yura olmagan. Undan keyin ham birovning yordamisiz harakatlanolmagan qizning dardiga uzoq yillardan keyin qisman bo‘lsa-da darmon topildi.
- Tug‘ruqxonada emas, uyda tug‘ilganman, - deydi u. – Tug‘ilish jarayonida oyog‘imning son chanog‘i chiqib ketgan. 5 yoshimgacha ham yurolmaganimdan keyin dadam meni travmotologiya shifoxonasiga olib borgan. U yerda zamonaviy tashxislash uskunalari bo‘lmagani uchunmi, songa e’tibor bermay, oyog‘imning pastki qismini operatsiya qilgan. Aslida menda bel churrasi ham bo‘lgan. Xullas, foydasi bo‘lmagan. Oradan yillar o‘tib, oyog‘imdan yara chiqdi. Undan qutulish uchun viloyat ko‘p tarmoqli shifoxonasida 3 yil davolanganman. 3 marta jarrohlik amaliyoti o‘tkazilgan. 2016 yilda viloyat nogironligi bo‘lgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va protezlash markaziga keldim. Bu yerda malakali mutaxassislar ko‘magida ahvolim ancha yaxshilandi. Avval birovning ko‘magiga muhtoj edim, hozir o‘zim mustaqil yura olyapman. 2023 yilda turmush qurdim, bir yildan keyin farzandli bo‘ldim. Bugungi hayotimdan mamnunman, shukur qilaman.
Darhaqiqat, keyingi yillarda ushbu markazda nogironligi bo‘lgan shaxslarni reabilitatsiya qilish bo‘yicha qator xayrli ishlar amalga oshirilyapti.
Markaz Muhayyo Elmurodova kabi yosh, qolaversa keksayib qolgan nogironligi bo‘lgan shaxslar dardiga ham malham bo‘lyapti. Ammo xalqimizda “Kasallikni davolagandan ko‘ra uning oldini olgan yaxshi”, degan naql bor. Shuning uchun ham o‘zimiz va kelajagimiz davomchilari bo‘lgan farzandlarimizning salomatligiga e’tiborli bo‘lishimiz zarur. Befarq bo‘lmasdan, sog‘lom turmush tarziga amal qilib yashasak yaxshi bo‘ladi.
To‘lqin Siddiqov, Husan Eltoyev, E’zoza Meyliyeva.