Bitiruvchi yoshlar “Veterinar qasamyodi”ni qabul qildi

Samarqand davlat veterinariya, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti yoshlar oyligi deb e’lon qilingan iyun oyini festival doirasidagi tadbirlar bilan boshlab, yoshlar forumi bilan yakunladi.

Samarqand shahridagi “Mo‘’jiza” amfiteatrida tashkil etilgan forumda O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Bahromjon Norqobilov, Samarqand viloyati hokimining o‘rinbosari Xurshid Ochilov hamda mazkur oliy ta’lim muassasasi va uning Nukus hamda Toshkent filiallarida, universitet tasarrufidagi texnikum va litseylarda ta’lim olayotgan yoshlar, o‘qituvchilar qatnashdi.

Forumda universitetning ilk bitiruvchilari ramziy “Veterinar qasamyodi” marosimini o‘tkazdi. Ularni oliygoh rektori, professor Xudoynazar Yunusov qutladi.

– Bu yil universitet o‘zining birinchi qaldirg‘ochlari – 600 nafardan ziyod bitiruvchilarini mustaqil hayotga yo‘llamoqda, - deydi X.Yunusov. - Ular bu yerda ustozlaridan olgan bilimlarini amaliyotgan tadbiq etib, mamlakatimiz iqtisodiyotiga o‘zlarining munosib hissalarini qo‘shadi, deb ishonaman.

A’lochi, faol, o‘qish davomida o‘zlarining bilimi va faolligini ko‘rsatgan bitiruvchilar turli nominatsiyalar bo‘yicha taqdirlandi. Ularga tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari taqdim etildi.

Shuningdek, tantanada forumning 30 dan ortiq loyihalarida (tanlovlar, musobaqalar, bellashuvlar) faol ishtirok etgan, g‘oliblikni qo‘lga kiritgan barcha ishtirokchilarga Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi,  viloyat hokimligi, universitet  va boshqa tashkilotchilarning  tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari taqdim etildi.

- Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan “Besh muhim tashabbus” ijrosini ta’minlash maqsadida 2019 yilda 20 dan ziyod turli yo‘nalishdagi klub va to‘garaklarni tashkil qilgan edik, - deydi universitet prorektori Alibek G‘afforov.- Talabalarimiz veterinariya yo‘nalishida o‘qiyotgan bo‘lsa-da, teatr, rassomlik, hunarmandchilik, adabiyot, musiqa, sport va boshqa shu kabi to‘garak va klublarimizda faol ishtirok etadi. Bunday iqtidorli talabalarimiz bilan tashkil etilgan festival va respublika yoshlar forumi doirasidagi tadbirlarni ham qiynalmasdan, ko‘tarinki ruhda tashkil etdik.

Sevinch G‘afforova.