Bitiruvchilar orasida stomotolog bo‘lishni istaganlar bormi?

Urgut tumanidagi maktablarga biriktirilgan Samarqand davlat tibbiyot instituti yuz-jag‘ xirurgiyasi kafedrasi professor-o‘qituvchilarining tumandagi 27-maktab yuqori sinflar o‘quvchilari bilan uchrashuvida birinchi savol shu bo‘ldi.

Dastlab jimlik bo‘lgan zalda kafedra mudiri, tibbiyot fanlari nomzodi U.G‘afforovning ayni paytda oliy ta’lim muassasalariga qabul tartiblari, xususan, tibbiyot institutiga o‘qishga kirish uchun qaysi fanlarni chuqurroq o‘rganish kerakligi, shuningdek, o‘quv jarayonlari haqida bergan ma’lumotidan so‘ng stomotolog bo‘lishni istaganlar ko‘paydi.

Institutning stomotologiya fakulteti talabasi A.Yoqubovning institut hayoti, talabalarning olayotgan bilim va ko‘nikmalari haqida tayyorlagan taqdimoti esa o‘quvchilarni tibbiyot faniga qiziqishlarini orttirdi. 

Maktabning kimyo va biologiya fani o‘qituvchilari hamda o‘quvchilarni qiziqtirgan savollarga SamMI professor-o‘qituvchilari jamoasi atroflicha javoblar qaytarib, bitiruvchilarning oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish ko‘rsatkichini ko‘tarishda ko‘maklashishiga doim tayyor ekanliklarini aytishdi.

Oydin Normatova.