Bitta ham chirog‘i yo‘q maskanni Nurafshon deyish mumkinmi? Yoki qishloqlarni Ilg‘or, Go‘zal, Erkin deb o‘zgartirish qanchalik to‘g‘ri?

O‘zbek tili lug‘at boyligi va jozibadorligi bilan dunyoda yetakchi o‘rinlarda turishi taniqli tilshunoslar tomonidan tan olingan. Buyuk bobokalonimiz Alisher Navoiy merosi o‘z ijodida qo‘llagan so‘zlarining soni jihatidan  eng boy asarlar sanaladi.  Ulug‘ shoirning “Muhokamat-ul lug‘atayn” asarida o‘sha zamonlarda o‘zbek tilida iste’molda bo‘lgan so‘zlar ilmiy tahlil qilinar ekan, ayrim so‘zlarning qirqqa yaqin ma’nodoshlari borligi tasnif qilinadi.

Bugungi kunda ham o‘z jozibasi va serma’noligi bilan ajdodlardan meros bo‘lib yashab kelayotgan tilimizda toponimlar ham o‘ziga xos ahamiyatga egadir.

Ta’kidlash lozimki, joy nomlari o‘ziga xos tarixiy va geografik ma’no kasb etishi tabiiy. Ammo, mamlakatimizning chekka hududlarida shunday joylar borki, ularning nomlanishi (“Moxovqishloq”, “Devona”, “Tentak” kabi) o‘sha yerda istiqomat qiluvchi odamlar ko‘nglida norozilik uyg‘otadi. Ularning ba’zilari etimologik jihatidan juda ko‘p o‘zgarishlarga uchrab, asl ma’nosini ham yo‘qotib (“Do‘sat”, “Turayg‘ir”, “Sanchiqul”, “Qangli” kabi) qo‘ygan.

O‘zbek adabiy tili me’yorlariga mos kelmaydigan bunday nomlarni o‘zgartirish va ularni tilimizning bor chiroyini aks ettiruvchi yoki buyuk ajdodlarimiz xotirasini abadiylashtiruvchi nomlar bilan almashtirish vaqti yetdi. Shu bois, hukumatimiz tomonidan avval mahalla nomlarini hududning geografik joylashuvi, etnografiyasi, tarixi, bugungi kundagi ijtimoiy-iqtisodiy holatidan kelib chiqqan holda o‘zgartirish bo‘yicha xayrli ishlar boshlangan edi. Bugungi kunda qishloqlarning nomlari ham xuddi shu tarzda mutaxassislar tahlilidan o‘tkazilib, o‘zgarishlar kiritilmoqda. Ayni paytda “Obod mahalla, obod qishloq, obod ko‘cha” shiori ostida o‘tkazilayotgan xayrli tadbirlar tarkibida ham joy nomlari bilan bog‘liq ishlar tizimli davom ettirilmoqda. Chekka qishloqlarda ham ko‘chalarga nomlar berish, ularni maxsus xaritalarga kiritish, ko‘chalar obodligi va ko‘rkamligiga e’tibor qaratish, ya’ni ularni o‘ziga munosib nomlar bilan atash masalalari ko‘rib chiqilmoqda. Negaki, yoritish chiroqlari o‘rnatilmagan ko‘chani “Nurafshon”, bitta ham nihol yoki gul ekilmagan hududni “Gulzor” deb nomlash mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi, axir. Shuningdek, ko‘chalarni “Ilg‘or”, “Sharaf”, “Go‘zal”, “Erkin” kabi nomlar bilan atash ham mantiqan to‘g‘ri emas.

 “O‘zbek tiliga davlat tili maqomini berish  to‘g‘risida”gi qonun qabul qilinganiga ham o‘ttiz yildan oshdi. Ammo, hali ham ushbu qonunning joylardagi ijrosi talab darajasida deb bo‘lmaydi. Aslida joylarni qaytadan nomlash masalasi ham ushbu qonun talablaridan biri sanaladi.To‘g‘ri, butun mamlakatimiz bo‘ylab aholi talablarini o‘rgangan holda joylar nomini o‘zgartirish va qayta nomlash qisqa muddatda amalga oshadigan ish emas. Hozirga qadar bu borada bir qancha ishlar amalga oshirildi va bu yurtdoshlarimiz tomonidan ham mamnuniyat bilan kutib olinayotir. Lekin endilikda yangi bir muammo paydo bo‘lmoqda. Ya’ni ishlab chiqarish va aholiga xizmat ko‘rsatish ob’yektlari, to‘yxona va umumiy ovqatlanish shoxobchalarini tilimizga umuman mos kelmaydigan, hatto, asl mazmunini ushbu shoxobchalar sohiblarining o‘zlari ham yaxshi anglamaydigan nomlar bilan atash urf bo‘layotir. Masalan, mana shunday ob’yektlarning peshtoqiga katta harflar bilan, imlo xatolariga to‘la holda “Shadoze”, “Grand Aziya”, “Eyfel”, “Aleksandra” kabi nomlarning yozib qo‘yilganiga barchamiz guvohmiz. Aslida bu maskanlarni nomlash uchun o‘zbek tilida qanchadan-qancha go‘zal atamalar mavjud.

 Menimcha, bu kabi holatlarga chek qo‘yish, har bir atama yurtimiz ko‘rkiga ko‘rk qo‘shishi, xalqimizning boy ma’naviyatidan dalolat berib turishiga erishish bir yoki bir necha tashkilotning ishi emas. Buning uchun barchamiz birdek hissa qo‘shishimiz, bu kabi masalalarga loqayd qaramasligimiz lozim. Chunki, biz shu yurtning farzandimiz. Undagi go‘zallikka ham, yuksak ma’naviyatga ham birdek mas’ulmiz.

Feruza TOG‘AYeVA,

Xalq deputatlari Samarqand viloyat Kengashi deputati,

oliy toifali ona tili va adabiyoti fani o‘qituvchisi.