Biz o‘zgaryapmizmi? Zamona zayli barchamizdan yashash mas’uliyatini oshirishni talab etayotir

Ayrimlarga erish tuyulgan bu savollarni bekorga o‘rtaga tashlamadim. Ming afsuski, ko‘plab yurtdoshlarimiz yashash mas’uliyatini yuqorida aytganimizdek tushunishadi.
Vaholanki, yurtimizda yashab o‘tgan barcha allomalar hayoti va merosi bizga bu mas’uliyatni butunlay boshqacha anglatgan. Alisher Navoiy hazratlari bundan qariyb olti asr ilgari ipak qurtining to pillaga aylangunga qadar bajaradigan harakatlarini tasvirlar ekan, "Ipak qurtichalik himmating yo‘qmi?" deganlarida yashash mas’uliyati – bu avvalo, jamiyat oldidagi burchni bajarish ekanini nazarda tutmaganmidi? Yoki bo‘lmasa, Sulaymon Boqirg‘oniyning ushbu misralariga e’tibor bering:
Naki qilsang hayotingda, asig‘ qilmas
mamotingda,
Mamoting qilmasa rohat, na osig‘dur
hayotingda.
Ya’ni, tirikligingda qilgan harakating agar oxiratingga foyda (osig‘) keltirmasa, u hayotdan senga ne naf.
Insoniyat paydo bo‘libdiki, uning hayoti o‘z nafsini boshqarish bilan o‘tadi, degan ekan donishmandlardan biri. O‘z nafsini tiya olgan kishi boshqalarga ibrat bo‘la oladi.
Prezident Sh.Mirziyoyevning bugungi siyosati ham allomalarimizning aynan ana shu falsafasiga asoslangan. Jumladan, u kishining Oliy Majlisga Murojaatnomasida shunday jumlalar bor:
"...bu hayotda hech narsa o‘z-o‘zidan bo‘lmaydi. O‘zimiz harakat qilmasak, hech kim bizga beg‘araz yordam bermaydi.
...o‘zimiz o‘zimizni aldamasak, halol-pok bo‘lib mehnat qilsak, men aminman, ko‘zlagan barcha marralarimizga albatta, yetamiz".
Binobarin, bu oson ish emas. Odamlarning o‘z hayotiga, mehnatga munosabatini o‘zgartirish yirik korxona qurishdan-da qiyinroq. Ammo ayrim rivojlangan davlatlar xalqi bu ishning uddasidan chiqyapti. Demak, mumkin ekan. Qolaversa, Prezident "Bu borada men avvalo, ko‘p sinovlardan yorug‘ yuz bilan o‘tgan olijanob xalqimizning mustahkam irodasi va bunyodkorlik salohiyatiga ishonaman", dedi.
Prezident shunchaki ishonch bildirayotgan emas. U kishi davlat organlari e’tiborini xalq ehtiyojiga qaratyapti. "Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili"da bu borada nechog‘lik ishlar qilinganini hammamiz ko‘rdik. Zero, Yurtboshimiz rejadan ortiqcha mahalliy soliq tushumlarini viloyat va tumanlar ixtiyorida qoldirilishini sharhlash chog‘ida Prezident tashvishi ko‘paysa-da, bu ishni xalq uchun qilganligini ta’kidladi.
Bugun barchamiz Prezidentning Oliy Majlisga Murojaatnomasini o‘rganyapmiz. Ishimizni shu asosda qurishga intilyapmiz.
Chunki bu hujjatda nafaqat g‘oya va takliflar, balki ularni amalga oshirish yuzasidan hayotiy mexanizmlar ham ko‘rsatib berilgan.
To‘g‘ri, bu yo‘nalishda ishlar boshlandi. Ammo hali ham harakatimizda samaraga erishish, xalqning roziligini olishdan ko‘ra qilayotgan ishimizni ko‘rsatishga urinish sezilib qolyapti. Misol uchun, 2016 yil dekabri va 2017 yil boshida yo‘l yoqalarida qo‘shimcha daromad olish uchun qurilgan issiqxonalarning yarmidan ko‘pi ishlatilmasdan, xarob ahvolda yotganini nima bilan oqlab bo‘ladi? 2017 yilda foydalanishga topshirilishi kerak bo‘lgan arzon ko‘p qavatli uylar va yoshlar uchun qurilgan uylardagi chala ishlar o‘z holicha turganini-chi?!
Aholi tomorqalariga foydali ekin ekish bo‘yicha targ‘ibot va tashkiliy ishlar qilinyapti, lekin o‘sha mahsulotga buyurtmachi bormi, tomorqa egasi pishib yetilgan hosilni sotishda fermerga o‘xshab bozor yoki arzon-garovga oladigan korxonalar muruvvatiga ko‘z tikib qolmaydimi?
Samarqand va Toyloq tumanlarida keyingi yillarda yoppasiga turarjoy massiviga aylangan poliz paykallari va tokzorlar taqdirini o‘rganish uchun albatta, poytaxtdan ko‘rsatma kelishi kerakmi?
Prezidentimiz islohotlar samarasini odamlar hozir, shu bugun ko‘rishi lozimligini ta’kidlayapti. Shunday ekan, yillar davomida xususiylashtirish bahonasida bekor yotgan hayhotdek inshootlarni davlat tasarrufiga qaytarganimizni xalqqa qachon aytamiz? Suv xo‘jaligi idoralari aybi bilan kanallar yoqasida shaxsiy manfaat manbasiga aylangan yoxud fermer xo‘jaligi bilan suv xo‘jaligi o‘rtasida xomtalash bo‘lib yotgan maydonlar taqdirini kim o‘rganadi? Hech kim. Chunki biz yillar davomida ana shu kayfiyatga o‘rganib qolganmiz. Yuqori tashkilotdan aniq ko‘rsatma kelguncha "Bu yog‘i bir gap bo‘lar" qabilida ish tutamiz.
Prezidentimiz "O‘zgaraylik, mutlaqo yangi uslubda, yangicha tizimda ishlaylik", deganda aynan ana shunday kayfiyatga barham berishni nazarda tutyapti.
Fikrimni yana bir misol bilan izohlamoqchiman.
Bir kuni deng, erta sahar toza havoda sayr qilmoqchi bo‘ldim. Darvozadan chiqsam, eshak arava yonida yigit va qiz turibdi.
– Amaki, bo‘sh bakalashka bormi?
Avvali hayron qoldim. O‘g‘ri bo‘lsa, bahona qidiryaptimi, deb o‘yladim. Chunki hali atrof qorong‘i.
– Qog‘oz parchasi, latta-putta bo‘lsa ham olib ketamiz.
– Mayli-ku, ammo, uka, hamma uyqudan turganda, havo yorishganda kelsang ham bo‘ladi-ku, – dedim.
Bu savolga ko‘nikkan shekilli, u menga tushuntirib ketdi.
– Zagotovshik bilan shartnoma bor. Soat yettida topshirish kerak. Yana bir soatda bu mahallaga chiqindi tashuvchi mashina keladi, uning odamlari bizni haydab solishadi.
Keyinchalik o‘zimga o‘zim savol berdim: ular tirikchilik ilinjida, to‘plagan ashqol-dashqolini o‘z vaqtida topshira olmasa, chiqindi tashuvchi mashinalar jadvalini o‘rganmasa, kunlik nasibadan quruq qolishini bilar ekan, biz-chi? Prezident yaratayotgan shuncha imkoniyatlardan so‘ng o‘z hayotimizni yanada yaxshi qilish yo‘llarini o‘rganyapmizmi?
Qani, ayting-chi, hokimlarning shu ishga mutasaddi o‘rinbosarlari yoki tegishli idora rahbarlari "Men o‘z tashabbusim yoki homiylar yordamida chiqindini birlamchi qayta ishlovchi sex ochdim", deb ayta oladimi? Ular hali ham investitsiya yoki mahalliy byudjetdan ajratiladigan pulga ko‘z tikib o‘tirishibdi. Vaholanki, agar e’lon berilsa, bu ishga sarmoya tikadiganlar istagancha topiladi. Natijada ayrim tumanlarda soy bo‘yi yoki qishloq chetidagi 5-6 gektarlab maydonlar noqonuniy chiqindixonaga aylanib qolgan.
Bunday misollarni xalq xo‘jaligining istagan sohasidan keltirish mumkin. Demak, hayotimizni yanada farovon qilish uchun imkoniyatlar bisyor. Bu imkoniyatlarni ishga solish uchun esa, eng avvalo, Yurtboshimiz ko‘rsatmalari asosida o‘z sohamizning bugunini tahlil qilib, ertasini ko‘ra olishimiz, har bir dasturga aholining o‘zini jalb qilishimiz zarur.