Biz shunday xalqmiz!

Hozirgina qo‘l telefonimga Nurobodning olis qishlog‘ida yashovchi nafaqadagi o‘qituvchi Ernafas aka qo‘ng‘iroq qildi.

- Ukajon, Sardobadagi suv toshqini, boshpanasiz, mol-mulksiz qolgan odamlar ahvoli meni chuqur iztirobga soldi, - dedi salom-alikdan keyin. - Ro‘zg‘ordan ortgan 3-4 kilo guruch bilan 5-6 xil kiyim-kechagimiz bor edi, shularni sardobaliklarga yetkazish uchun qayerga murojaat qilsam bo‘ladi?

Ernafas akani yaxshi bilaman. Voyaga yetmagan bir o‘g‘li bor, salomatligi yomonlashib, majbur holda nafaqaga chiqqan. Ancha yupun yashaydi, mahallasida kam ta’minlangan to‘rtta oila bo‘lsa, shulardan biri Ernafas akaning oilasi ekani aniq. Ammo buni aytmaydi, g‘ururi yo‘l qo‘ymaydi, imkoni boricha ro‘zg‘orini to‘kis tebratish uchun mehnat qiladi. Shuning uchun «Aka, duo qilsangiz bo‘ldi, ko‘pgina korxona, tadbirkorlar, o‘ziga to‘q aholi ko‘mak beryapti» dedim. Bundan ranjidi.

- Sezyapman, «O‘zingiz qiynalib yashasangiz, ortiqcha xarajat qilish ro‘zg‘oringizga ta’sir qiladi» demoqchisiz, - dedi. - Lekin bugun siz-u bizning ahvolimiz ulardan qanchalik yaxshi. Axir ular uysiz, joysiz, kiyimsiz, pulsiz. Ha, degan tuyaga madad, bunday holatda qanday qarab turamiz.

Kecha ijtimoiy tarmoqlarda o‘qidim:

Samarqandlik bir ayol uy-joysiz qiynalib qolgan sardobaliklarni bo‘sh hovlisida yashab turishga taklif qildi, Samarqanddagi bir zamonaviy mehmonxona egasi zarurat tug‘ilsa, sirdaryoliklarni qabul qilishga tayyorligini bildirdi. Bulung‘urlik Baxtiyor degan saxovatli inson Sardoba tumani aholisi uchun o‘z hisobidan 1 tonna guruch, 50-60 kilo tuz olib, tumanda jamlangan insonparvarlik yordamini ham o‘zining yuk avtomashinasiga ortib Sirdaryoga jo‘nadi. Tag‘in ofatdan jabr ko‘rganlarga 1 oy davomida o‘z mashinasida beg‘araz yordam berish niyatida ekanini aytdi. Biz-chi, to‘g‘ri bizning bunday ko‘mak berishga imkoniyatimiz yo‘q. Ammo birgina men ilingan 3-4 kilo guruchdan jabr ko‘rganlar osh qilib, qorin to‘yg‘azar, eskirgan bo‘lsa-da kiyimlar kimnidir egnini vaqtincha but qilar...

Ernafas akaning gapini tinglayapman-u oramizda shunday insonlar borligidan, birovning dardini o‘z  tanida shunchalar tez his etishidan, odamlarimiz muruvvatli ekanidan ko‘nglim tog‘dek o‘sdi.

Endi u kishini ezgu ishidan qaytarib bo‘lmasdi. Shuning uchun Nurobod tumani «Saxovat va ko‘mak» umumxalq harakati markazining telefon raqamlarini topib, aytdim. O‘n daqiqa o‘tib, Ernafas aka qayta qo‘ng‘iroq qildi:

- Rahmat, ukajon, markazda volontyor deganlari bor ekan, «Mahsulot va kiyim-kechaklaringizni paketga solib qo‘ying, bir soatda mashinada borib olib kelamiz», deyishdi. Uzoqdan bir paket uchun kelib ovora bo‘lishmasin, bitta xo‘rozim bor. Shuniyam so‘yib, go‘shtini tayyorlab turay...

Gapirishga so‘z topolmadim...

Biz shunday xalqmiz!

Akram Haydarov.