Biz ta’lim-tarbiya berayotgan o‘quvchilar birovning bolalari emas

Har bir direktor, o‘qituvchi buni his qilishi kerak.

— Qariyb 5-10 yil ichida birorta bitiruvchisi oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirmagan yoki birorta viloyat, respublika fan olimpiadasida qatnashib, o‘rin ololmagan maktablar bor. Afsuski, aksariyat shu kabi maktablarda 5-10 va hatto 15 yillardan buyon direktor sifatida ishlab, muassasada ta’lim sifatini oshirishga zig‘ircha ham harakat qilmayotganlar ham mavjud. Vaholanki, bugun yaratilgan imkoniyat, rag‘batlar avvalgidan mutlaqo farq qiladi. Bu kabi rahbarlar bilan biz xalq ta’limi tizimida amalga oshirilayotgan bugungi islohotlarni joriy eta olmaymiz...

Maktabda 80, 100 nafar o‘quvchi 11-sinfni bitirib, birortasi OTMga o‘qishga kirmasa, birortasi oltin yoki kumush medalga munosib topilmasa, bilimlar bellashuvi, fan olimpiadalarida g‘olib o‘quvchilar aniqlanmasa, u yerda ta’lim-tarbiya ishlari “nol” degani.

Yangi o‘quv yili boshlanishi oldidan har kim o‘zicha maktabni tayyorlaydi. Muassasaning go‘yo kuz-qishga tayyorligi, umuman, muammo qolmagani haqida varaq-varaq hisobotlar yoziladi. Afsuski, uch-to‘rt oy o‘tmasdan muammolar boshlanadi. Xuddiki, u muammolar o‘sha paytning o‘zida paydo bo‘lib qolgandek...

Viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Saidahmad Usmonovning boshqarma ishchi guruhi a’zolarining Ishtixon tumanida olib borgan o‘rganish natijalariga bag‘ishlangan muhokamada ushbu muammolarga alohida to‘xtalib o‘tdi.

Avval xabar qilganimizdek, 22-23 iyun kunlari viloyat xalq ta’limi boshqarmasining 15 nafar bo‘lim boshliqlari va mutaxassislaridan iborat ishchi guruhi a’zolari tomonidan Ishtixon tumanidagi maktablarda o‘rganish ishlari olib borildi. Unda tumandagi maktablarning yangi o‘quv yili va kuz-qish mavsumiga tayyorgarligi, tayanch maktablarning xalqaro baholash dasturlariga tayyorgarlik ko‘rishga doir ishlari, bitiruvchilarning OTMga hujjat topshirishining holati o‘rganildi. Tumandagi 1-umumta’lim maktabida karantin qoidalariga rioya qilgan holda tashkil etilgan yig‘ilishda ushbu o‘rganish natijalari tanqidiy tahlil qilindi.

Unda dastlab viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Elmurod Suyarov, bo‘lim boshlig‘i Xurshid Hojiqulovlarning hisoboti tinglandi.

Ta’kidlanganidek, tumanda xalqaro baholash dasturlariga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha belgilangan 1, 19 va 33-umumta’lim maktablarining faoliyati qoniqarsiz. Negaki, ushbu tayanch maktablarga biriktirilgan maktablarda xalqaro baholash dasturlariga tayyorgarlik, uning maqsad va vazifalari haqida hatto ba’zi direktor o‘rinbosarlarining tushunchasi yo‘q. Ushbu sinovlarda qatnashadigan muayyan yoshdagi o‘quvchilarning ro‘yxati, zarur hujjatlar shakllantirilmagan. O‘rganish ishlari davomida tumandagi 4, 29, 95, 42-umumta’lim maktablarida xuddi shunday kamchiliklarga guvoh bo‘lindi. Bunday holatlar 46, 47, 49, 58, 76 va 87-umumta’lim maktablarida ham ko‘zga tashlandi.

Ishchi guruh a’zolari tomonidan o‘rganilgan 8, 57, 80, 40, 6, 27, 54, 42, 4-maktablarda yangi o‘quv yili oldidan olib borilayotgan ta’mirlash ishlari, o‘quv jihozlaridan to‘g‘ri foydalanish, hojatxonalarining ahvoli, bo‘sh turgan yer maydonlaridan unumli foydalanish qoniqarsiz holatda ekanligi ma’lum bo‘ldi. 14, 31, 36 va 90-umumta’lim maktablarida ish vaqti bo‘lishiga qaramasdan, direktorni ham, uning o‘rinbosarlarini ham topish mushkul bo‘ldi. Vaholanki, maktabda yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik ishlari ham qoniqarsizligi aniqlandi.

Viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i S.Usmonov qayd etilgan muammolarni bartaraf etish bo‘yicha maktab direktorlarini qat’iy ogohlantirdi. Shuningdek, joriy yilda maktablarning 11-sinf bitiruvchilarining OTMga o‘qishga kirish ko‘rsatkichlariga ko‘ra, direktorlarga, xalq ta’limi bo‘limi xodimlariga nisbatan qat’iy xulosa qilinishini ta’kidladi.

Maktablarda ta’lim sifati va samaradorligini oshirish bo‘yicha o‘zining tavsiyalarini bildirdi. Direktorlar va pedagoglarni xalq farzandi ta’lim-tarbiyasida mas’uliyatni chuqurroq his etishga, doim izlanishga va yuksak natijalarga erishishga chaqirdi.

Ayni paytda boshqarmaning ishchi guruhi a’zolari tomonidan xuddi shunday o‘rganish ishlari viloyatning boshqa tumanlarida ham olib borilmoqda.

Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasi axborot xizmati.