Biz Valixo‘jayevning sabog‘ini olganmiz

Samarqand davlat universitetining sobiq talabalari, ular qaysi lavozimda ishlasalar yoki qanday martabada bo‘lsalar-da, bu dargohda ishlagan Ibrohim Mo‘minov, Ubay Oripov, Yahyo G‘ulomov, Vohid Abdullayev, Akbar Otaxo‘jayev, Toshpo‘lat Shirinqulov, Shavkat Vohidov, Tolib Mo‘minov, Boturxon Valixo‘jayev, Sayid Shermuhammedov, Nuriddin Shukurov singari ulug‘ olimlar, ilm-fan darg‘alari nomini aytib, biz shu insonlardan saboq olganmiz deb faxrlanishadi. Nomi faxr bilan tilga olinadigan bunday ustoz va murabbiylar bugun ham universitetimizda juda ko‘p.

Ne baxtki, bizga ham akademik Boturxon Valixo‘jayevdek ilm-u ziyosi kuchli, tafakkuri keng, yuksak ma’naviyatli insondan saboq olish nasib etgan va bundan qalbimiz g‘urur va iftixorga to‘lib yuradi doim.

1997 yildan hayotim shu qutlug‘ dargoh bilan bog‘langan. Universitetning o‘zbek filologiyasi fakultetida juda ko‘p ulug‘ insonlarning ta’lim-tarbiyasini olish baxtiga erishganmiz. Jumladan, o‘zbek mumtoz adabiyotidan akademik Boturxon Valixo‘jayev dars berardilar va u kishidan nafaqat fan, balki hayot sabog‘ini o‘rganganmiz. Domla universitet rahbariyatida ishlasalar ham hech bir darsni qoldirmay o‘tardilar. Nihoyatda mayin va samimiy ohangda so‘zlab, har bir fikrni ongimizga go‘yo quyib qo‘yardilar.

“Mirzo Ulug‘bek davri madrasalari” va “Samarqandda oliy ta’lim – madrasayi oliya. Universitet tarixidan lavhalar” risolalari o‘sha paytlarda yurtimiz oliy ta’lim tizimining o‘tmishi ilk bor asosli dalillar bilan ko‘tarib chiqilgan yirik ilmiy tadqiqot sifatida baholangandi. B.Valixo‘jayev, jumladan, Samarqand davlat universiteti Mirzo Ulug‘dek madrasayi oliyasining vorisi ekanligini asoslab bergandi. Albatta, bu fikr atrofida o‘sha paytda ham ko‘p bahs-munozaralar bo‘lgan, turli fikrlar bildirilgan edi. Lekin akademik olimning xulosalari hayotiy va asosliligi bilan boshqalarga nisbatan “tosh bosib” xalqaro ilmiy jamoatchilik tomonidan ham tan olingandi.

Ushbu mavzuda gap ketganda domla “Navoiy Samarqandga ilm-ma’rifat izlab kelib, buni topgan va uning kamolotida bu zamin juda katta rol o‘ynagan. Sizlar ham ana shunday ilm toliblarisiz va tarixi Mirzo Ulug‘bek madrasalariga borib taqaladigan ziyo maskanida o‘qiganingiz bilan faxrlanib yurasiz” deb ko‘p ta’kidlardi.

Keyingi yillarda Samarqand davlat universitetining tarixiy yoshini aniqlash va buni qayd etish masalasi yana ko‘tarilganda, xususan, Botirxon Valixo‘jayevning fikrlari, yuqorida qayd etilgan risolalar ham asos bo‘ldi. Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashi esa yaqinda Samarqand davlat universiteti Mirzo Ulug‘bek madrasayi oliyasining bevosita vorisi ekanligini inobatga olib, uning ta’sis etilish tarixi ham 1420 yilda Mirzo Ulug‘bek madrasasi faoliyat boshlashi bilan bog‘liq ekanligini qayd etdi. Shu asosida joriy yilning sentyabr oyida Samarqand davlat universiteti tashkil etilganligining 600 yillik yubileyi tantanali nishonlanadigan bo‘ldi.

Bu, albatta, yurtimiz ilmiy jamoatchiligi, universitetimiz jamoasi, barchamiz uchun yuksak faxr. Shu bilan birga, bundan ustozimiz Botirxon Valixo‘jayevning ham ruhlari shod bo‘lgusidir.

Bahora Yunusova,
Samarqand davlat universiteti o‘qituvchisi.