"Biz XDPni tanladik" - partiya safi shifokorlar hisobiga kengaydi

Xalq demokratik partiyasi viloyat kengashi raisi B.Nasriyev Toyloq tumani tibbiyot bo‘limi shifokorlari bilan muloqotda bo‘ldi.

-  Partiyamizning saylovoldi dasturida tibbiy xizmatning ijtimoiy maqbulligini ta’minlash yetakchi o‘rinda turadi, - deydi B.Nasriyev. - Bu borada mulkchilik shakli va moliyalashtirish manbalaridan qat’i nazar, barcha tibbiyot muassasalarida bepul ko‘rsatiladigan majburiy tibbiy xizmatlar ro‘yxatini, majburiy tibbiy sug‘urta mexanizmlarini qonunchilikda mustahkamlashga harakat qilinyapti. Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari uchun yuqori texnologiyali tibbiy xizmatlardan foydalangan holda har yili bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, ularga dori vositalari, protez-ortopediya vositalari va boshqa tibbiy-ijtimoiy yordamni imtiyozli taqdim etish tizimini takomillashtirish, bu borada samarali jamoatchilik nazoratini o‘rnatish choralari ko‘rilmoqda.

Shuningdek, partiya "Dori-darmonlar va tibbiy vositalar narxlarini davlat tomonidan tartibga solish to‘g‘risida"gi qonunini qabul qilish masalasini ko‘rib chiqishni taklif etadi.

Muloqot doirasida tibbiyot birlashmasi bosh shifokori U.Suyunov va bir guruh salomatlik posbonlari XDP maqsadlarini, shuningdek partiyaning "Biz jamiyatning har bir a’zosi salomatligini mustahkamlash uchun teng imkoniyatlar yaratish tarafdorimiz" shiorini qo‘llab-quvvatlagani hamda tashabbuskorligi va faolligi uchun XDP viloyat kengashi tomonidan tashakkurnoma, esdalik sovg‘a va badiiy kitoblar bilan taqdirlandi.

Tadbir davomida birlashmaning 35 nafar xodimiga partiyaning a’zolik guvohnomalari topshirildi.