Biz yovdan chekinmaganmiz…

Butun insoniyatni ezgulik va saxovat yo‘lida birlashtirgan tojdor virus balosi yurtimizga kirib kelishi bilan ko‘rilgan chora-tadbirlar bugun o‘z samarasini bermoqda.
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kuzatyapmiz, shunday qaltis kunlarda ayrim davlatlar o‘z fuqarolarini so‘ramay qo‘ygan, balodan qutulish uchun jon boshiga mablag‘ qiymatlarini belgilagan bir paytda O‘zbekiston o‘z fuqarolariga beminnat g‘amxo‘rlik ko‘rsatmoqda. Bu ishlar avlodlarga o‘rnak, og‘ir vaziyatlarda qanday yo‘l tutish kerakligi borasida katta saboq bo‘ladi.
Bu yurtning Vatan sha’ni, har qarich yeri, davlat ravnaqi, millat kelajagi uchun bor imkoniyatini ishga solib kurashadigan, oriyatli, vijdonli farzandlari borligi bugun har jabhada namoyon bo‘layotir. Xalqimizning asl farzandlari ayni davr to‘foni ichida o‘zligini, mehr-saxovati, insoniyligini yo‘qotmaganini ko‘rsatmoqda.
Shu o‘rinda Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur, Mahmudxo‘ja Behbudiy kabi millat taqdiri uchun qayg‘urgan, kerak bo‘lsa, jonini beradigan mard va jasur bobokalonlarimiz yodga tushadi. Ular nima uchun kurashdi, nega Vatanni mislsiz sevdi?
Termiziy bobomiz aytganlaridek, ular “niyatni yo‘qotmadi”. Shoh Jaloliddinning tarixchi Nasafiyga aytgan gaplarini eslang: "Yozing, faqat to‘g‘risini yozing. Vatan uchun jon olib, jon bergan farzandlar qahramonliklarini, jasoratini yozing. Biz yovdan chekinmaganmiz, qo‘rqmaymiz va qo‘rqmaganmiz. Kelajak avlodlar bizni qo‘rqoq va noshud deb bilmasin. Ko‘rgan-kechirganlaringizning hammasini yozing".
Shukrki, bugun yov bostirib kelgani yo‘q. Lekin bu baloga qarshi vaqtida choralar ko‘rilmaganida edi, bu baloi-ofat xuddi yog‘iy kabi hech kimga: keksa-yu yoshga, dini va e’tiqodidan qat’i nazar, insoniyatga ochiqchasiga o‘lim havosini purkayotgan, qalblarga tahlika va qo‘rquv xavfini solgan ofat talafoti qirg‘inbarot janglarnikidan kam bo‘lmasdi.
Biz bugun sabr bilan g‘alaba marralariga yaqinlashyapmiz. Bir xalqmiz, bir tan, bir jonmiz. Xudo xohlasa, Vatan manfaati yo‘lida muhim marralarni zabt etamiz. Ajdodlar ruhi oldida yuzimiz yorug‘, avlodlarga munosib va ibratli hayot yo‘lini qoldiramiz.

Alisher ALIQULOV.