"Bizda “Humo” ishlamaydi"
Ishxonamizdan maoshlarimiz “Humo” plastik kartasiga tushadi. Maoshdan orttirib, tartibli fuqaro sifatida uy-joyim uchun yillik soliqlarni to‘lash uchun bordim.
Samarqand shahar soliq inspeksiyasi kassasida xodimlar “Bizda bu tizim ishlamayapti, kutib turing” deyishdi. Ancha vaqtdan keyin "Mablag‘ingizni birorta “Uzkard” plastik kartasi o‘tkazib keling yoki naqd pulda to‘lang", deyishdi. Sarson bo‘lib, pulni bankomatdan naqdlashtirib kelib, soliqlarni to‘ladim.
Jahlimning chiqqani - o‘tgan yili ham shu holat takror bo‘lgandi. O‘shanda bu tizim hali “ustanovka” qilinmagandi, deyishgandi. Bu yil esa tizim ishlamayapti. O‘n yillar oldin shu yo‘l bilan plastik kartadagi pulni foizsiz naqdlashtirishardi, hozirgisi odamlarni ochiqchasiga sarson qilishmi?
“Humo Masterkard” qabul qilolmaymiz, degan vajlarni juda ko‘p eshityapmiz. Bu bilan Markaziy bank qabul qiluvchisi kam bo‘lgan plastik kartani ommaviy ko‘paytirgan yoki soliqni naqd pulda undirishda birorta o‘yin bormikan?..
S.ASHUROVA, Samarqand shahri.