Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Bizga diplom olish uchun o‘qiydigan talaba kerak emas

Odamlarning madaniyati qanchalik yuksak bo‘lsa, jamiyatning rivojlanishi shunchalik yuqori bo‘ladi. Ta’lim jarayonida esa odamlarning bilimi, mahorati, malakasi shakllanadi va rivojlanib boradi. Demak, jamiyat taraqqiyoti darajasi odamlarning bilim darajasiga, bilim darajasi esa ta’lim jarayoniga bog‘liq.

Bu fikrlarni aytganimga sabab bor: Prezidentimiz tomonidan yaqin yillarda mamlakatimizdagi bir qator oliygohlar, xususan, Samarqand davlat universiteti ta’lim reytingini yuqori pog‘onaga ko‘tarish talabi qo‘yildi. Bunga erishish o‘z-o‘zidan bo‘lmaydi. Xo‘sh, ta’lim sifatini oshirish uchun nima qilish kerak?

Avvalo, kadrlarning sifatiga qarab universitetning reytingi belgilanadi. Sifat oshib borgan sari universitetlar jahon reytingi ro‘yxatidagi o‘rni ko‘tarilib boradi. Kadrlar saviyasining yuksakligini ta’minlashda  universitetning  ruhiyati va tarixiy tajribasi, ya’ni uning qadimiyligi ham muhim ahamiyatga ega.

Bu borada SamDU 600 yillik tarixga ega ekanligi bizning ezgu maqsadga erishishimizda bosh omillardan sanaladi. To‘g‘ri, oliygohning qadimiy ekanligi o‘z o‘zidan universitet reytingini oshib borishini ta’minlamaydi. Zero, dunyoning eng qadimiy universiteti Italiyaning Boloniya universiteti bo‘lib, qariyb ming yillik tarixga ega. Bugungi kunda Boloniya universiteti dunyoning eng nufuzli oliy ta’lim muassasalari reytingi bo‘yicha 177 o‘rinda turibdi. Birinchi o‘rinni 1861 yilda tashkil topgan Massachusets texnologiya universiteti egallab turibdi. Demak, Samarqand davlat universiteti tarixini 600 yil deb e’tirof etilishi mas’uliyatni ham 600 karra oshirishni talab etadi.

Mas’uliyat barchada, eng avvalo, professor-o‘qituvchilarda shakllanmog‘i lozim. Chunki ta’lim tizimining markazida o‘qituvchining faoliyati turadi. Shuning uchun o‘qituvchining o‘z kasbiga bo‘lgan mas’uliyati ta’lim sifat va samaradorligini oshirishda hal qiluvchi rol o‘ynaydi. Ana shu mas’uliyatni his qilgan holda fanlarni o‘qitishni samarali qiluvchi omillarni aniqlashga harakat qilib ko‘ramiz.

Bunga erishishda, eng avvalo, bu jarayonning kechishida nima to‘siq bo‘layotganligini aniqlab olish kerak. Ta’lim sifati pastligining asosiy sabablaridan biri bu bilim uchun emas, diplom uchun o‘qiydigan talabaning mavjudligidir. Bunga sabab esa ta’lim tizimidan tashqarida va shuning uchun uning yechimi faqat ta’lim tizimiga  bog‘liq emas. Ya’ni, sabab - kadrlarni tanlash va joy-joyiga qo‘yish tizimiga bog‘liq. Toki ushbu tizimda tartib bo‘lmas ekan diplom uchun o‘qiydigan talaba bo‘laveradi. Bunday talaba bo‘lgan joyda esa har qanday kuchli o‘qitish metodi ham samara bermaydi. Chunki bilim shunday boylikki, uni faqat va faqat ixtiyoriylik asosida qiziqib egallash mumkin, ya’ni bilimni majburan insonning ongiga singdirib bo‘lmaydi.

Talabaning davomatini, o‘qishini, tinglashini, yozishini majbur qilib ta’minlash mumkindir, lekin fikrlashini majburiylik bilan ta’minlab bo‘lmaydi.  Chunki talaba fikrlash jarayonidagina o‘qib bilgan narsasini anglab oladi. Anglab olingan bilim insonni yangi bilimlarni ishlab chiqishga va bu bilimlarni amaliyotda qo‘llashga qodir qiladi. Shuning uchun ta’lim sifatini oshirishda asosiy e’tiborni talabalarda bilimga bo‘lgan qiziqishni shakllantirishga qaratish lozim.

Bilimga nisbatan ehtiyojning shakllanishida bilimni qadrlanganligi ham muhim omil bo‘lib xizmat qiladi. Chunki inson tabiatan shunday mavjudotki, u nima qadrlansa o‘shanga intilib yashaydi, qadrlanmagan narsaga intilmaydi. Shuning uchun ta’lim sifatini oshirishda bilimga nisbatan egalik hissini shakllantirish hech qanday mubolag‘asiz hal qiluvchi rol o‘ynaydi.

Yuqoridagi fikr mulohazalarga asoslanib shuni aytish mumkinki, ta’lim sifatini oshirishda o‘qitish jarayonida qiziqtirish omilini shakllantirish kutilgan samarani beradi. Dunyo tan olgan buyuk allomalarimiz - Xorazmiy, Beruniy, Ibn Sino, Farobiylarning shakllanishida qandaydir metod emas, balki ulardagi qiziqish va kuchli iroda muhim omil bo‘lgan. O‘ylaymizki, mamlakatimizda amalga oshirayotgan islohotlarimiz zamonaviy bilim va yuksak ma’naviy-axloqiy fazilatlarga ega bo‘lgan raqobatbardosh kadrlarni tayyorlaydigan ta’lim tizimini shakllantiradi. Bu ta’lim tizimi yoshlarimiz qonidagi buyuklar genini uyg‘otishga va dunyo tan olgan olimlarning yangi avlodini tarbiyalashga qodir bo‘ladi. Bu bilan SamDUning 600 yillik tarixi faqat tarixiy faktlar bilangina emas, balki bugungi kundagi yutuqlar bilan isbotlanadi. Bunda, ya’ni dunyo tan olgan buyuk bobolarimizga munosib bo‘lgan yangi avlodni tarbiyalashda Ulug‘bek  madrasai oliyasining  vorisi  bo‘lgan Samarqand davlat universiteti o‘zining munosib o‘rniga ega bo‘lishiga ishonamiz.

F.Nabiyev,

SamDU professori.