BMT minbarida o‘zbekona fazilatlarimizga xos tashabbuslar bildirildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 23 sentyabr kuni BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasidagi nutqi xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik qator muhim tashabbus va takliflar bayon etilgani bilan e’tiborli bo‘ldi. Jumladan, davlatimiz rahbari mamlakatimizda diniy erkinlik borasida vaziyat keskin yaxshilangani, millatlararo totuvlik va dinlararo bag‘rikenglikni yanada mustahkamlash muhim vazifa ekanligini qayd etdi.
Darhaqiqat, diniy erkinlik bo‘yicha keyingi yillarda amalga oshirilgan ishlar xalqimizga, shuningdek, xalqaro jamoatchilikka yaxshi ma’lum. Bu o‘rinda diniy masalalar bo‘yicha maxsus ro‘yxatda turgan shaxslarning ushbu ro‘yxatdan chiqarilgani, ko‘plab diniy mahbuslar afv etilgani, yangi masjidlar ochilayotgani, diniy ta’lim olish uchun imkoniyatlar kengayayotgani, 2020 yilda AQShning xalqaro diniy erkinlik bo‘yicha komissiyasi (USCIRF) O‘zbekistonni “diniy erkinlik sohasida alohida xavotirga molik davlatlar” qatoridan olib tashlaganini eslash joiz.
O‘zbekistondagi barqarorlik, davlat va jamiyat taraqqiyotini mamlakatimizda yashayotgan 130 dan ortiq millat va elat vakillarining o‘zaro totuvligisiz, 16 diniy konfessiya vakillari o‘rtasida bag‘rikenglik munosabatlarisiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Binobarin, O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasining beshinchi yo‘nalishi xavfsizlik, diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlikni ta’minlash sohasidagi ustuvor yo‘nalish qilib belgilangani ham bejiz emas.
Muqaddas dinimiz ta’limotiga ko‘ra, bag‘rikeng bo‘lish iymon belgisidir. Chunki Alloh taolo muborak kalomida “Din to‘g‘risida sizlar bilan urushmagan va sizlarni o‘z yurtingizdan (haydab) chiqarmagan kimsalarga nisbatan yaxshilik qilishingiz va ularga adolatli bo‘lishingizdan Alloh sizlarni qaytarmas. Albatta, Alloh adolatli kishilarni sevar” (“Mumtahana” surasi, 8-oyat), deb marhamat qilgan.
Abdulla Avloniy bag‘rikenglik bo‘lmasa, qanday oqibatlar kelib chiqishi haqida gapirar ekan, “Qaysi bir millatning orasida birlik ko‘tarilub, nifoq va adovat hukm surgan bo‘lsa, ul qavmning inqiroz dunyosiga yuzlanganligi tarix sahifalaridan ma’lumdir”, deb yozgan.
Davlatimiz rahbari nutqida mintaqa davlatlari o‘rtasida yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro ishonch, do‘stlik va hurmat muhitini yaratish bo‘yicha erishilgan yutuqlar, qo‘shni Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlikni o‘rnatish borasida amalga oshirilgan ishlar va kelgusida bajarilishi lozim bo‘lgan aniq taklif va rejalar bayon etildi.
Zero bu xalqimizning “Qo‘shning tinch - sen tinch”, degan naqliga to‘la mos keladi.
Alloh talo O‘zining kitobida biz bandalarga kimlarga yaxshilik qilish lozimligini uqtirib, “Va Alloh taologa ibodat qilinglar va Unga hech narsani shirk keltirmanglar. Ota-onaga, qarindoshlarga, yetimlarga, miskinlarga, yaqin qo‘shnilarga, yon qo‘shnilarga, yonboshdagi sohiblarga, ko‘chada qolganlarga va qo‘lingizda mulk bo‘lganlarga yaxshilik qilinglar. Albatta, Alloh taolo o‘zini yuqori tutuvchi va odamlar ustidan faxr qiluvchilarni xush ko‘rmas” (“Niso” surasi, 36-oyat), deb marhamat qiladi.
Agar e’tibor bersak, oyatda har bir toifa zikr qilinib, qo‘shni haqida uch marotaba qayta zikr qilinmoqda. Demak, shariatimiz ko‘rsatmalari bo‘yicha ham qo‘shnining haqi buyukligi oyati karimada zikr qilinmoqda.
Mamlakatimiz rahbari tomonidan olib borilayotgan ushbu siyosat ham diniy jihatdan, ham umuminsoniy jihatdan to‘la mos kelishini ta’kidlamoqchimiz.
Bir so‘z bilan aytganda, davlatmiz rahbarining ma’ruzasida qayd etilgan barcha masalalar o‘zining o‘zbekona insonparvarlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilganligi, qat’iy va mag‘rur jaranglashi bilan ham alohida ahamiyat kasb etdi.
Zayniddin EShONQULOV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasining Samarqand viloyatidagi vakili, viloyat bosh imom-xatibi.