Bola bir nechta tilni bilishi kerakmi?

Bola, avvalo, ona tilida gapirishni o‘rganadi. Ko‘pincha ota-ona unga bu borada yordam beradi. Ikki tilni bilish, shubhasiz, bolaning ijtimoiy rivojlanishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

Bola ertaklarni, chet el yozuvchilari asarlarini boshqa tilda eshitishi orqali uning intellektual salohiyati oshadi. Bir so‘z bilan aytganda, ikki tillilik dunyoqarash chegaralarini kengaytiradi.

Bola o‘z fikrini boshqa tilda erkin ifoda etishi uchun ota-onalar juda muhim rol o‘ynaydi. Misol uchun ota-ona bolaga yotishdan oldin ertak o‘qib berishi foydali bo‘ladi. Uyqudan oldin ertak o‘qish bolaning tasavvuri, nutqi, dunyoqarashini rivojlantiradi, so‘z boyligini kengaytirish bilan birga, til o‘rganishga ham yordam beradi.

Agar ona birinchi kuni bolasiga ona tilida ertak o‘qib bersa, ertasi kuni o‘sha ertakni chet tili so‘zlaridan foydalangan holda o‘qisa, undan keyingi kuni esa butunlay chet tilida o‘qisa, bolada chet tilida nutqni yaxshiroq tushunish uchun qo‘shimcha imkoniyat paydo bo‘ladi. Bolalar ertaklar yordamida yangi so‘zlarni va umuman tilni o‘rganishi ancha osonlashadi. Zero, ertaklar kulgili, hayajonli va ixchamdir. Ular ko‘pincha bolalar uchun tushunarli tilda yoziladi.

Chet tilida ertak tinglash orqali bola nafaqat chet tilidan bilim oladi, balki boshqa davlat haqida ham ko‘p narsalarni o‘rganadi. Bolalar ertakni shunchalik yaxshi ko‘radilarki, agar ularga haqiqatan ham yoqsa, bir xil ertakni bir necha marta zavq bilan tinglaydilar. Vaqt o‘tishi bilan bolalar ushbu ertakdagi alohida so‘z va iboralarni eslab qolishi mumkin. Bu ularga yangi tilni o‘zlashtirishini osonlashtiradi.

Til bilish bolaga ko‘proq imkoniyatlar eshigini ochadi, o‘z-o‘zini hurmat qilishni oshiradi va hokazo. Ammo kelajakda uning muvaffaqiyati bu bilimlarni qanday qabul qilishiga, o‘rganish jarayonida qanday his-tuyg‘ularni boshidan kechirishiga bog‘liq bo‘ladi.

Albatta, bolaga erta yoshda qo‘shimcha tillarni o‘rgatish yoki o‘rgatmaslik har bir ota-onaning tanlovi. Ammo unutmaslik lozimki, bola tarbiyasi va ilm olishi masalasiga har bir ota-ona mas’uliyat bilan yondashishi kerak.

Leniye Xalilova,

Samarqand davlat chet tillar instituti o‘qituvchisi.