Kitobxonlik haftaligi kitob sovg‘a qilish bilan boshlandi

21-25 aprel kunlari o‘tkazilayotgan “O‘zbekiston – kitobxonlar yurti” shiori ostidagi V respublika kitobxonlik haftaligi Samarqandda ham tantanali boshlandi.
Pushkin nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazida haftalik ochilishi marosimida viloyat hokimligi mas’ullari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, shoir va yozuvchilar, o‘quvchi va talaba yoshlar ishtirok etdi.
Viloyat hokimining o‘rinbosari Rustam Qobilov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Farmon Toshev, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyati bo‘limi raisi Toshpo‘lat Tugalov yurtimizda aholining kitobxonlik madaniyati va yoshlarning kitobga mehrini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, xayrli tashabbuslar haqida so‘z yuritdilar. Shuningdek, “Sevimli kutubxonamga kitob sovg‘a qilaman” aksiyasi doirasida viloyat axborot-kutubxona markaziga kitoblar tuhfa qildilar.
Shundan so‘ng O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist, taniqli publitsist, adib Nusrat Rahmatning buyuk jadid, ma’rifatparvar Mahmudxo‘ja Behbudiyga bag‘ishlangan “Jadid” kitobi taqdimoti o‘tkazildi.
– Haftalik doirasida markazimizda ko‘plab tadbirlar rejalashtirilgan, – deydi viloyat axborot-kutubxona markazi direktori Zebiniso Shodiyeva. – Jumladan, bir qator yangi asarlar tadqimotlari, shoir va yozuvchilar bilan uchrashuvlar, “Kitob va kino” hamda “Kitobxonlik oiladan boshlanadi” ko‘rik-tanlovlari, “Zakovat” intellektual o‘yini, xalqimizning kitobxonlik madaniyatini oshirishga qaratilgan davra suhbatlari o‘tkaziladi. Shunday tadbirlar tuman va shaharlar, ta’lim muassasalaridagi kutubxonalarda ham tashkil etilishi ko‘zda tutilgan. Besh kun davomida barcha kutubxonalarda “Sevimli kutubxonamga kitob sovg‘a qilaman” aksiyasi o‘tkaziladi.