BMT Tojikiston hukumatini afg‘onlarni deportatsiya qilishni to‘xtatishga chaqirdi
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Qochqinlar bo‘yicha Oliy komissarligi boshqarmasi Tojikistondagi afg‘on qochqinlari bilan bog‘liq vaziyatdan jiddiy xavotir bildirdi. Ularning aksariyati hibsga olingan va deportatsiya qilinmoqda, deb xabar bermoqda BMT sayti.
"Tojikiston qochqinlarni hibsga olish va deportatsiya qilish - odamlar hayotiga xavf tug‘diradigan harakatlarni to‘xtatishi kerak. Biz doimiy ravishda Tojikiston hukumatini Afg‘onistondagi mojaro va ta’qiblardan qochganlarga hududga kirish huquqini berish va keyingi deportatsiyalarni to‘xtatishga chaqiramiz”, dedi BMT Qochqinlar bo‘yicha Oliy komissarligi matbuot kotibi Elizabet Tan. U qochqinlarning majburiy qaytarilishi qonunga va qochqinlar bo‘yicha xalqaro huquqning asosi bo‘lgan qaytarib yubormaslik tamoyiliga zidligini eslatdi.
Idora 5 nafar afg‘on fuqarosining deportatsiyasi bilan bog‘liq yaqinda sodir bo‘lgan voqea haqida ma’lum qildi. Ular orasida uch farzandli ona ham bo‘lgan. BMT Qochqinlar bo‘yicha Oliy komissarligi aralashuviga qaramay, ularning barchasi 23 avgust kuni Tojikiston shimoli-sharqidagi Panchi Poyon chegara punkti orqali Afg‘onistonga qaytarilgan.
2021 yil avgust oyida BMTning Qochqinlar bo‘yicha oliy komissarligi Afg‘oniston bo‘yicha o‘zining universal tavsiyalarini e’lon qilgan edi. Ushbu qo‘llanma 2022 yil fevral oyida yangilangan. Har ikki hujjat ham davlatlarni afg‘on fuqarolarini majburan qaytarishni taqiqlashga chaqiradi.