"Bog‘chaga bormayman, ayajon!"

Uni tartibga chaqirib yoki aldab, bog‘cha tomon yo‘l olasiz. Bog‘cha hovlisiga qadam qo‘yar ekansiz, aksariyat bolalarning "Bog‘chaga bormayman", deya quloqni qomatga keltirayotganining guvohi bo‘lasiz. Xo‘sh, nega farzandimiz uning har tomonlama barkamol va sog‘lom voyaga yetishida jonbozlik ko‘rsatayotgan maktabgacha ta’lim muassasalariga borishni istamaydi? 
Bolalarning bo‘sh vaqtini qiziqarli tashkil etish, ularni sog‘lom, intellektual salohiyatli qilib tarbiyalash borasida MTMlarda jiddiy o‘zgarishlar qilish vaqti keldi. Avvalambor, malakali pedagoglarni jalb qilish yoki borlarini qayta tayyorlash, ingliz tili bo‘yicha qo‘shimcha darslarni kiritish, rasm, qo‘l mehnati bo‘yicha dasturlar ishlab chiqish maqsadga muvofiq. Kecha bog‘chadan maktabga chiqqan farzandingiz harf tanimasa, bolangizning 4 yil o‘tgan vaqtiga va pulingizga achinishingiz tabiiy.
Yaqinda qo‘shnimning qizchasi 1-sinfga bordi. Ammo maktabga chiqqach, bog‘chada vaqti bekor ketganligi, bolasining hatto to‘g‘ri chiziq chizishga uquvi yo‘qligidan hafsalasi pir bo‘ldi. Demak, zamonaviy, sharoiti bor bog‘chalarning maktabga tayyorlov guruhining ish dasturlarini ham yangi pedtexnologiyalar bilan boyitish lozim. Bog‘cha tarbiyachilari bolalarga e’tiborni kuchaytirishi, qiziqarli interfaol o‘yinlar bilan ularning fikrlash qobiliyatini shakllantirishi, jamoat joylarida o‘zini tutish kabi muomala madaniyatini o‘rgatishi muhim ahamiyatga ega. Shunda farzandimiz "Bog‘chaga boraman, ayajon!", desa ajabmas.