Bog‘chada ilk bor harbiy guruh tashkil etildi

Samarqand shahridagi 121-MTTda SamDTI harbiy kafedrasi bilan hamkorlikda "Harbiylashgan vatanparvar” guruhi tashkil etildi.
33 nafar bolajon tarbiyalanayotgan guruhda kun tartibi, mashg‘ulotlar, ta’lim-tarbiya harbiy kafedra mutaxassislari hamda harbiylar bilan hamkorlikda tashkil etiladi.
- Maqsadimiz o‘sib kelayotgan yosh avlod qalbida Vatanni sevish, uni ardoqlash, yurtga sodiq xizmat qilish tuyg‘ularini shakllantirish, ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashdan iborat, - deydi SamDTI harbiy kafedrasi o‘quv bo‘limi boshlig‘i M.Zaripov. – Nafaqat mashg‘ulotlar, balki harbiy libosning o‘zi ham kishida kasbiga nisbatan mas’uliyatni uyg‘otadi, hayotga teran nigoh tashlashga undaydi. E’tiborlisi, harbiy guruhimizda o‘g‘il bolalar bilan birga qizlar ham tarbiyalanadi. Ishonamizki, bu yerda yurtimizga sodiq farzandlar kamol topadi.
Tadbirda Markaziy harbiy okrugning ma’naviyat va ma’rifat markazi harbiy orkestri, faxriylar, mahalla faollari hamda tarbiyalanuvchilarning ota-onalari ishtirok etdi.