Bog‘chadan magistraturagacha sog‘lom turmush tarzi o‘qitiladi

«Aholining sog‘lom ovqatlanishini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Prezident qaroriga ko‘ra, 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab:

➖ maktabgacha ta’lim tashkilotlarida “Shaxsiy gigiyena va jismoniy tarbiya asoslari” mashg‘ulotlari o‘tkaziladi;

➖ respublika umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida o‘quv darslarini qayta ko‘rib chiqqan holda 1-4-sinflar uchun “Tarbiya” va “Atrofimizdagi olam” fanlari, yuqori sinflar uchun “Biologiya” fani tarkibida to‘g‘ri ovqatlanish va sog‘lom turmush tarzini shakllantirish bo‘yicha “Salomatlik saboqlari” mavzulari kiritiladi;

➖ akademik litsey, professional va oliy ta’lim muassasalarining “Jismoniy tarbiya” fani doirasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tkaziladi;

➖ tibbiyot texnikumlarida valeolog, diyetolog, nutritsiolog mutaxassisliklarini tayyorlash, nutritsiolog va diyetolog magistratura (internatura, klinik ordinatura) mutaxassisliklarini 1 yillik o‘quv dasturlari asosida tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi;

➖ tibbiyot oliy ta’lim muassasalarida bakalavriat, klinik ordinatura, magistratura, tibbiyot kollejlari va Abu Ali ibn Sino nomidagi jamoat salomatligi texnikumlarining barcha yo‘nalishlarida to‘g‘ri ovqatlanish mavzulari alohida siklda o‘qitiladi;

➖ barcha mutaxassisliklar bo‘yicha vrach va o‘rta tibbiyot xodimlari malakasini oshirish, qayta tayyorlash kurslari bo‘yicha fan dasturlariga “Sog‘lom turmush tarzi va to‘g‘ri ovqatlanish mezonlari” mavzulari kiritiladi.