Bojxona ko‘rigi soddalashtiriladi

Murojaatnomada barcha sohalarda erishilayotgan yutuqlar bilan birga, mamlakat taraqqiyotiga g‘ov bo‘layotgan kamchiliklar haqida ham so‘z yuritildi. Jumladan, bojxona tartib-tamoyillarining murakkabligi tadbirkorlik imkoniyatlarini to‘liq yuzaga chiqarishga to‘sqinlik qilayotgan asosiy omillardan biri ekanligi aytildi. 
Yil boshidan yurtimizdagi xalqaro aeroportlar chegara bojxona postida joriy etilgan "yashil" va "qizil" yo‘laklar milliy aviakompaniya xizmatidan foydalanayotgan yo‘lovchilar uchun qulay sharoitlar yaratdi. Kelgusida bojxona hujjatlarini rasmiylashtirish bo‘yicha ko‘plab yangiliklar joriy etilishi mamlakatimizda savdo-iqtisodiy munosabatlarni takomillashtirish, ichki va tashqi turizmni rivojlantirishda muhim qadam bo‘ladi. 

Shohmurod BO‘RIYeV,
Toshkent Oliy harbiy bojxona instituti tinglovchisi.

Inspektor hisobot berdi

Samarqand shahridagi Yuqori Xo‘jasoat mahallasida Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasini o‘rganishga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. 

Unda ishtirok etgan professor-o‘qituvchilar, prokuratura xodimlari hamda jamoatchilik vakillari mahalla aholisiga Murojaatnomani yanada kengroq, hayotiy misollar bilan tushuntirib berdilar. 
– Prezidentimiz Murojaatnomada xalqimizni qiynab kelayotgan ko‘plab muammolar, ularning kelib chiqishi, oqibati va shu bilan birga, yechimi haqida o‘z fikrlari va takliflarini bayon etdilar, – deydi shu mahallada istiqomat qiluvchi Axtam Karimov. – Murojaatnomani tinglab turib, tadbirkorlarga yanada ko‘proq imkoniyatlar yaratilishidan xursand bo‘ldim. 
Tadbir davomida mahalla aholisi hudud profilaktika inspektori Javlon Pardayevning hisobotini tinglashdi. 

Davron EGAMQULOV.


Buyuk ajdodlarimizga munosib bo‘lamiz

Prezidentimiz Sh.Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasini qunt bilan tingladik. Davlatimiz rahbari ta’lim sohasining barqaror rivojlanishiga erisha olmayotganimiz hamda buyuk bobolarimizning munosib davomchilari bo‘ladigan yetuk insonlarni tarbiyalash masalasiga yetarlicha ahamiyat bera olmayotganimiz, intellektual va madaniy salohiyatning qanday noyob boylik ekani, nodir talant egalarini tarbiyalab, kamolga yetkazish hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanligini unutishga haqimiz yo‘qligini alohida ta’kidladi. 
"O‘zbekiston yoshlari xalqaro assotsiatsiyasi"ni tuzish to‘g‘risidagi taklif bizning xorijdagi tengdoshlarimiz bilan ilm-fan, madaniyat, tadbirkorlik, sport va boshqa sohalarda faol muloqotda bo‘lishimizga yordam beradi. Kelgusi yili shahrimizda o‘tkazilishi kutilayotgan Markaziy Osiyo yoshlari forumi esa samarqandlik yoshlar hayotida tarixiy ahamiyat kasb etadi.

Xurshid FAYZULLAYeV, 
SamDChTI talabasi.