Boks bo‘yicha jahon chempionati yakunlari: O‘zbekiston birinchi o‘rinda!
Kecha Rossiyaning Yekaterinburg shahri mezbonlik qilgan boks bo‘yicha jahon chempionati yakuniga yetdi.
Chempionatning asosiy va so‘nggi jangi eng og‘ir vazn toifasida (+91 kg) finalga chiqqan o‘zbekistonlik Bahodir Jalolov va qozog‘istonlik Qamshibek Qonqabayev o‘rtasida kechdi.
Jangda hakamlar bir ovozdan o‘zbekistonlik bokschi g‘alabasini e’lon qildi va B.Jalolov jahon chempionatlaridagi o‘zining ilk oltin medalini qo‘lga kiritdi. Bahodir o‘zining azaliy raqibi bilan o‘zaro hisob-kitob bo‘yicha oldinga chiqib oldi. Bungacha mazkur bokschilar o‘zaro 4 marta to‘qnash kelishgan va hisob 2:2 ko‘rinishida turgan edi.
O‘zbekiston boks terma jamoasi turnirda 3 ta oltin, bitta kumush va bitta bronza medallarga ega chiqib, birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Mezbon jamoa Rossiya esa 3 ta oltin medal bilan ikkinchi, Qozog‘iston va Kuba vakillari bittadan oltin medal bilan keyingi o‘rinlar bilan kifoyalanishdi.
O‘zbekistonlik bokschilar jahon chempionatlari tarixidagi eng yaxshi natijasini qayd etishdi. Ular 2017 yili Germaniyaning Gamburg shahrida bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida 1 ta oltin, 2 ta kumush va 1 ta bronza olishgandi.
Oltin medal:
-52 kg: Shahobiddin Zoirov
-57 kg: Miraziz Mirzahalilov
+91 kg: Bahodir Jalolov
Kumush medal:
-81 kg: Dilshodbek Ro‘zmetov
Bronza medal:
-69 kg: Bobousmon Baturov