Mobil muxbirdan e’tiroz: GAI xodimi Sadriddin Ayniy ko‘chasiga nega kelmadi?
O‘tgan kuni, taxminan soat 12:00 lar atrofida Samarqand shahrining Sadriddin Ayniy ko‘chasida svetofor ishlamay qoldi. Qisqa vaqt ichida katta tirbandlik yuzaga keldi. Achinarlisi, ushbu vaziyatda yo‘l harakatini tartibga solish uchun mas’ul bo‘lgan yo‘l harakati xavfsizligi xodimlaridan darak bo‘lmadi.
Tirbandlik shunchaki noqulaylik emas. Bu vaqt yo‘qotilishi, ishlarning kechikishi, asabiylik va tartibsizlik degani. Afsuski, aynan shu holat kecha to‘liq namoyon bo‘ldi. Haydovchilar o‘z holiga tashlab qo‘yildi, har kim o‘zicha yo‘l topishga harakat qildi. Oqibatda esa vaziyat yanada murakkablashdi.
Eng e’tiborli jihati, qariyb 4 soat davomida birorta ham GAI xodimi kelib, vaziyatni nazoratga olmadi. Bu esa tabiiy ravishda jamoatchilik orasida haqli savollarni tug‘dirdi: Mas’ullar qayerda edi? Nega bunday vaziyatda tezkor choralar ko‘rilmaydi?
Yaxshiyamki, fuqarolarning birdamligi ko‘zga tashlandi. Bir yaxshi inson qo‘lida suv idish olib, yo‘l o‘rtasida harakatni tartibga solishga harakat qildi. Hech qanday vakolatga ega bo‘lmasa-da, tartibni saqlashga urindi. Bu — xalqimizning hamjihatligi va befarq emasligidan dalolatdir.
Bu holatni ijobiy misol sifatida emas, balki yo‘l harakati xavfsizligi tizimdagi jiddiy kamchilik sifatida ko‘rish kerak. Axir davlat yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash uchun maxsus tuzilmalarga mablag‘ ajratadi, xodimlarga oylik to‘laydi. Ammo zarur pallada ularning yo‘qligi jamoatchilik ishonchiga putur yetkazmaydimi?
Svetoforning ishlamay qolishi — texnik muammo. Ammo uni nazoratsiz qoldirish — bu mas’uliyat masalasidir. Bunday holatlarda tezkorlik, tashkiliy ish va javobgarlik birinchi o‘rinda turishi kerak emasmi?
Shahar infratuzilmasi tobora rivojlanib borayotgan bir paytda, tizim favqulodda vaziyatlarga tayyor bo‘lishi shartku!
Umid qilamizki, mutasaddi tashkilotlar tegishli xulosa chiqaradi. Chunki tartib va xavfsizlik — bu shunchaki xizmat emas, balki har bir fuqaroning huquqidir.