Boku Yerevanni Ozarbayjonning Gyanji shahriga hujum uyushtirganlikda aybladi

Armaniston qurolli kuchlari tomonidan Ozarbayjonning Gyanji shahriga uyushtirgan raketali hujum oqibatida odamlar halok bo‘ldi va jarohatlandi. Bu haqda 17 oktyabr kuni Ozarbayjon Bosh prokuraturasi ma’lum qildi. 

“Gyanji shahrining markaziy qismiga, tinch aholiga nisbatan uyushtirilgan raketa hujumlari oqibatida kamida 12 kishi halok bo‘ldi, 40 dan ortiq odam jarohatlandi, ko‘p sonli fuqarolik infratuzilmalari va transport vositalari jiddiy zararlandi. Ayni vaqtda voqea joyida prokuratura jabrlanganlar ro‘yxatini aniqlashtirish bo‘yicha tergov tadbirlarini olib bormoqda. Vaziyat yuzasidan jamoatchilikka qo‘shimcha ma’lumot taqdim etiladi”, deyilgan prokuratura matbuot xizmati bayonotida. 

Shu bilan birga Ozarbayjon favqulodda vaziyatlar vazirligi 13 kishi halok bo‘lganligi haqida xabar berdi.

Armaniston mudofaa vazirligi matbuot kotibi Shushan Stepanyan, Armaniston tomonidan Ozarbayjon tomonga hech qanday hujum uyushtirilmaganini ta’kidladi va ushbu ayblovni inkor etdi.   

Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev ushbu hujumni harbiy jinoyat deb atadi va bunga qarshi jang maydonida javob qaytarilishini ta’kidladi. 

“Bu harbiy jinoyat, insoniyatga qarshi jinoyat. Agar dunyo hamjamiyati ularni jazolashni istamasa, biz ularni jazolaymiz. Biz jang maydonida jazolaymiz, javob qaytaramiz”, dedi Aliyev xalqqa qilgan murojaatida.