Boku Qorabog‘dagi jangovar harakatlar oqibatida 9 nafar maktab o‘quvchisi halok bo‘lganini ma’lum qildi

Ozarbayjon ta’lim vaziri Emin Amrullayev Qorabog‘dagi jangovar harakatlar oqibatida to‘qqiz nafar ozarbayjonlik maktab o‘quvchisi halok bo‘lgani to‘g‘risida ma’lum qildi. Bu haqda 30 oktyabr kuni RIA Novosti nashri xabar berdi.

“So‘nggi bir oyda to‘qqiz nafar o‘quvchimiz halok bo‘ldi. Maktablar o‘qitish uchun yaroqsiz holga kelib qoldi”, dedi vazir bugun bo‘lib o‘tgan brifingda.

Eslatib o‘tamiz, Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasida Qorabog‘ hududidagi ziddiyat 27 sentyabr kuni boshlandi. Ikkala tomon bir-birini birinchi bo‘lib jangovar harakatlarni boshlaganlikda ayblamoqda. 10 oktyabr kuni Rossiya vositachiligi yordamida o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risida bitm imzolandi. Biroq o‘t ochishni to‘xtatish rejimi amal qilishni boshlaganidan bir soat o‘tib, jangovar harakatlar yana yangilandi. Ikki tomon o‘rtasida sulh tuzilishini ta’minlash uchun ikkinchi harakat AQSh tomonidan amalga oshirildi. Unga ko‘ra, 26 oktyabrdan boshlab o‘t ochish to‘xtatilishi kerak edi. Ammo ikkinchi harakat ham muvaffaqiyatsizlikka uchradi.