Bolalar do‘kondorga “Yaxshi odam”, deb laqab qo‘yishibdi
Odamlar orasida bir-biriga laqab qo‘yish azal-azaldan bor. Ko‘pincha o‘ylab topilgan yangi “ism” kimningdir zaif yoki boshqa yomon jihatlarini ifodalaydi. Shuning uchun ham laqab qo‘yilishini ko‘pchilik to‘g‘ri qabul qilmaydi.
Tanganing ikki tomoni bo‘lganidek, kishining o‘z nomi bilan emas, boshqa qandaydir sifatlab chaqirilishida ba’zan hurmat ma’nolari ham anglashiladi. E’tibor bergan bo‘lsangiz, xonadonga tushib kelgan kelin-yangalarimiz uydagilarning ismini aytmasdan ularga o‘ziga xos laqablar qo‘yib olishadi. To‘g‘ri, bu odat keyingi yillarda bir oz unutilganday. Ammo butunlay yo‘q bo‘lib ketgan emas. Qayin singil yoki ukalarining ismini aytib murojaat qilishdan yangalar hayo qilishadi. Shu boisdan ham ularni holatga qarab, turli boshqa ismlar bilan chaqiradi. Bu holatdan hech kim xafa bo‘lmaydi.
Shu o‘rinda, laqab borasida boshqa bir voqeani aytmoqchiman.
Biz yashayotgan hududda oziq-ovqat mahsulotlari bilan savdo qiluvchi do‘konlar ko‘p. Shulardan birini “Sharif akaning do‘koni”, deymiz. Ehtiyoj yuzasidan u yerga tez-tez kirib turaman. Birga ishlaydigan 30 yillik do‘stlarimdan biri Navro‘z ham asosan Sharif akaning do‘konidan savdo qiladi. Xo‘jayinning o‘zi ham, unga yordamchilik qiladigan o‘g‘li Zarif ham xaridorlarga shirin muomala qilib, kutib oladi, kuzatib qo‘yadi. Shu bilan birga so‘ralgan mahsulot haqida aniq ma’lumotlar beradi. Qisqasi, ishida Baraka bor.
Boyagi do‘stim ko‘pincha xarid qilish uchun hali voyaga yetmagan farzandlari bilan kiradi. Do‘kondagi muomala va savdoni ko‘rib, bolakaylar sotuvchiga “Yaxshi odam” deb laqab qo‘yishibdi. O‘ylab qarasam, yigitchalar topgan yangi sifat Sharif aka va Zarifjonlarga uzukka ko‘z qo‘yganday yarashib tushibdi. Biz har kuni do‘stim bilan “Yaxshi odam”ning do‘koni yonida uchrashib, ishga jo‘naymiz. Insofli va halol savdo qilayotgan do‘kondor akaning omadini bersin! Jiyanlarim ta’riflagani kabi “Yaxshi odam”lar ko‘payaversin!
Anvar ERMAMATOV.