Bolalarga nisbatan zo‘ravonliklarning oshishiga qanday omillar sabab bo‘lyapti?

2021-2022 yillarda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bolalar jamg‘armasi (YuNICEF) tomonidan Multiindikator klaster kuzatuvi (MICS) asosida O‘zbekistonda bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holati tahlil qilinganda, 1 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan bolalarning 31 foizi zo‘ravonliksiz ta’lim usullari orqali tarbiyalanishi, 29 foizi qandaydir jismoniy jazoga, 4 foizi esa qattiq jazoga tortilishi aniqlangan.
Yanayam achinarlisi, onalar va boshqa tarbiyachilarning 11 foizi bolani jismonan jazolash kerak, deb hisoblaydi. Xususan, 1-14 yoshdagi bolalarning 60 foizi psixologik zo‘ravonlikka duchor bo‘lsa, 62 foizi ota-ona zo‘ravonligining qandaydir shakllarini boshdan kechirmoqda.
So‘rovda qatnashgan ayollarning 40,7 foizi bir qator vaziyatlarda jismoniy zo‘ravonlik qo‘llanilishini oqlagan. Shundan 37,9 foizi shahar va 43,1 foizi qishloq ayollaridir.
Bu haqda Toshkent shahrida “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunning mazmun-mohiyatini to‘liq tushunish, uni jamoatchilikka yetkazish maqsadida OAV vakillari uchun o‘tkazilayotgan media-treningda ma’lum qilindi.
BMT Bolalar jamg‘armasi (YuNICEF)ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi va Ijtimoiy himoya milliy agentligi hamkorligida o‘tkazilayotgan seminarning ilk kunida dunyo bo‘yicha bolalarga qilinayotgan zo‘ravonlik va uning asosiy sabablari haqida ham so‘z yuritildi.
Ta’kidlanishicha, oilaviy kelishmovchiliklar, iqtisodiy muammolar, e’tiborsizlik, jamiyatda xavfsiz muhitning yaratilmagani va yoshlarning hayotiy ko‘nikmalari shakllantirilmagani bolalar o‘rtasida zo‘ravonlikning avj olishiga sabab bo‘lmoqda.
Xususan, har yili dunyo bo‘yicha 1 milliard bola jismoniy, jinsiy, ruhiy yoki zo‘ravonlikning boshqa turiga duch keladi. Bu 10 nafar boladan 6 nafari zo‘ravonlikka uchraydi degani. Onalarning esa har 4 nafari bolasini zo‘ravonlik bilan tarbiya qiladi. O‘g‘il bolalar asosan jismoniy, qizlar esa majburiy turmush yoki jinsiy zo‘ravonlikdan aziyat chekadi. Eng yomoni, har 7 daqiqada bir nafar bola qurbon bo‘ladi.
Seminar davomida Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori o‘rinbosari Usmon Sharifxo‘jayev, YuNICEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Rehina Kastijio va ekspertlar guruhi yurtimizda bolalarni bu kabi zo‘ravonlikning barcha turidan himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida to‘xtalib o‘tdi.
- O‘zbekistonda keyingi besh yilda bolalar va ayollarni zo‘ravonlikdan asrash, ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida muhim ishlar qilindi, - deydi Rehina Kastijio. - Jumladan, Ijtimoiy himoya milliy agentligi tashkil etildi, ijtimoiy himoya yagona reyestri ishga tushirildi, maktabgacha ta’lim tashkilotlariga qamrov oshirildi, hukumat tomonidan qabul qilingan hujjatlar, imtiyoz va qo‘llab-quvvatlashlar natijasida oliy ta’lim muassasalarida o‘qiydigan xotin-qizlar soni ko‘paydi, tibbiy xizmatlar sifati yaxshilanib, onalar va bolalar o‘limi kamaydi.
Shuningdek, “Bolalarni zo‘ravonliklarning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonun bilan zo‘ravonlikning barcha shakllari taqiqlanyapti. Bunda bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish chora-tadbirlari, jabrlangan bolalar huquqlari, xavf ostida bo‘lgan bolalarni himoya qilish, himoya orderi berish, ta’lim muassasalarida bolalarga nisbatan zo‘ravonlikka yo‘l qo‘ymaslik belgilanmoqda.
Fazliddin Ro‘ziboyev.