Bolalarni sog‘lom va sifatli ovqatlantirishni bilasizmi?

Bolalarni sog‘lom va sifatli ovqatlantirishni bilasizmi?
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi viloyat boshqarmasi tashabbusi bilan “Maktabgacha ta’lim tashkilotlarida sog‘lom va sifatli ovqatlantirishni tashkil etish, autsorsing xizmati tomonidan sifatli mahsulotlarni yetkazish” mavzusida tashkil etilgan seminarda shu savolga javob izlandi.
Maktabgacha ta’lim tashkilotlari rahbarlari hamda hamshiralari ishtirok etgan o‘quv amaliy seminarda bolalarni belgilangan yagona taomnoma bo‘yicha ovqatlantirish, ta’minotchi korxonalar tomonidan yetkazib berilayotgan oziq-ovqat mahsulotlarining sifatiga jiddiy e’tibor qaratish lozimligi tushuntirib o‘tildi.
- Insonning uzoq umr ko‘rishi, eng avvalo to‘g‘ri ovqatlanish va sog‘lom turmush tarziga rioya qilishiga bog‘liq, - deydi boshqarmaning bolalar va o‘smirlar gigiyenasi bo‘limi boshlig‘i Iroda Aripova. - Bunda albatta, asosiy e’tibor 3-6 yoshli bolalarni belgilangan talab va me’yor hamda ratsion bilan ovqatlantirish alohida ahamiyatga ega. Me’yoriy hujjatlarga asosan maktabgacha ta’lim tashkilotlarida yuqumli kasalliklar hamda ovqatdan zaharlanish holatlarining oldini olish maqsadida ishlatilishiga ruxsat berilmaydigan oziq-ovqat mahsulotlari ro‘yxati shakllantirilgan. Ruxsat etilmagan mahsulotlarning iste’mol qilinishi ortidan bolalar o‘rtasida turli xil yuqumli kasalliklar hamda ovqatdan zaharlanish holatlari kelib chiqadi.
Seminarda ishtirokchilarga ovqat tayyorlash va taqsimlash jarayonlarida gigiyena qoidalariga qat’iy rioya qilish, oziq-ovqat mahsulotlarining sifatini nazoratga olish, saqlash sharoitlari va sanitariya me’yorlariga amal qilish bo‘yicha zaruriy tushunchalar ham berildi.
Shuningdek, tadbirda bog‘chalarda ishlayotgan har bir xodim mavsumiy tibbiy ko‘rikdan o‘tishi, tarbiyachilar birlamchi sanitar talablarni to‘g‘ri anglashi aytib o‘tildi.
Joylarda ushbu mavzu doirasidagi seminarlar davom etmoqda.