Bolangiz maktabga bormoqchi, tayyormisiz?

Maktab qishlog‘imizdan bir yarim chaqirim uzoqda edi. Bo‘yoq hidi anqib turgan yirik kitoblarni onamiz tikib bergan daftarxaltaga solardikda, bo‘ynimizga osib olib yo‘lga tushardik. Xaltamiz ichida kitob-daftardan tashqari siyohko‘za, qalam va albatta bir bo‘lak non bo‘lardi. Avaylab yurmasangiz siyoh to‘kilib kitoblarni bo‘lg‘aydi, shu kuni nonsiz ham qolasiz.

Bizni maktab sari chorlagan narsa o‘qishga tashnalik. O‘qituvchilar mehribon va samimiy edi. Rizoqul Usmonov degan fidoyi inson biz, o‘quvchilariga qand-qurs, mayiz ulashib, o‘qishga qiziqtirgan bo‘lsa, ota-onalarimiz uyga qaytishimizni kutib «Bugun nechchi baho olding, kundaligining bir ko‘ray» deya bizni qistovga olishni kanda qilmasdi. Uyalib qolmaslik uchun astoydil o‘qishga harakat qilardik. Uyda sharoit ham o‘ziga yarasha edi. Stol-stul qayoqda deysiz. Darsni chalqancha yetib yoki sandal ustida tayyorlardik. O‘shanda ham otamiz yoki aka-opalarimiz bizni kuzatib turishardi. Maktabga borish-kelishimiz doimo nazoratda turardi. Ota-onalarimiz «yaxshi o‘qisang uni olib beraman, buni olib beraman» deb hech narsa va’da qilmagan. Faqat astoydil o‘qishimizni, yaxshi tarbiya olishimizni istashgan.

Kamol Qalandarov degan kishi bizdan ancha yillar oldin maktabda o‘qigandi. Jo‘jabirdek oilada voyaga yetgan Kamol aka maktabda yaxshi o‘qidi. Fizika, matematika fani bo‘yicha undan o‘tari bo‘lmagan. Oddiy oilada yetishib chiqqan akamiz O‘zDUning (hozirgi SamDU) matematika fakultetiga hujjat topshirib imtihonlardan a’lo baholar bilan o‘tganligini hali-hanuz eslayman. Bu yoqda – oilada o‘n bir jon, ota-ona keksayib qolib ichakuzildi yillarida akamiz dorilfununni moddiy qiyinchilik bilan bitirganligi, ijarada turib yeyish-ichishiga yetmay qiynalganlari yodimda. Biroq ota-onaning qo‘llab-quvvatlashi, tog‘amiz Ne’matilla Rizayev, otamiz Hayit Iskandarov hamda fidoyi o‘qituvchi Rabbimqul Oblayorovlarning daldasi tufayli akamiz keyinchalik fan nomzodi, kibirnetik olim darajasiga yetdi. Astoydil o‘qish, intilish, oiladagi muhit nafaqat Kamol Qalandarovni, balki har bir insonni komillikka yetaklashi turgan gap.

Bolalarning o‘qishga bo‘lgan mehrini uyg‘otishda oiladagi muhit, tarbiya, ota-onaning bolaga nisbatan munosabati muhim ahamiyat kasb etishini unutmaslik kerak. Bola – boshdan, deganlaridek, farzandlarimizni maktabgacha bo‘lgan davrda o‘qishga mehr uyg‘otmas ekanmiz, unda kech bo‘lishini davrning o‘zi ko‘rsatmoqda. Bugungi sharoitni kechagi kun bilan sira taqqoslab bo‘lmaydi. Har bir xonadonda yetarli darajada shart-sharoit yaratilgan.

Bolajon xalqmiz. Bola nimani xohlasa darrov muhayyo qilamiz. Bola bog‘cha yoshidayoq daftar-qalam tutishni o‘rganmoqda. Bog‘chalarda esa yozish-chizish va maktabga ko‘nikma hosil qilish bilan bog‘liq tarbiyaviy ishlar olib borilmoqda. Bularni ko‘rib xursand bo‘lasan kishi. Farzandlarining tarbiyasi va o‘qishiga hozirdan e’tibor berib, bolasining ertangi kunini bugun ko‘ra oladigan ota-onalarga har qancha tasanno aytsang arziydi. Bunday xonadonda tarbiya topgan bolalar ertaga maktabga borishganida hech kimni uyaltirib qo‘ymaydi. Maktabga muqaddas dargoh sifatida talpinadi.

Bola maktab yoshiga yetganida o‘yinga o‘ch bo‘ladi. Agar uning oldi olinmasa, erkalik bilan aytganini qildirishga odatlanadi. Maktabga borishga zo‘rg‘a ko‘ndirish u yoqda tursin, ustozi bergan uy vazifalarini bajarishga bo‘yni yor bermaydi: ko‘chadan beri kelmaydi. Har qancha urinmang, aytganingizni qilmaydi. «O‘qisang, muzqaymoq, telefon, velosiped olib beraman» deguvchi va shu ishni amalga oshirgan oilada o‘sgan bolalar ulg‘aygach, ko‘ngli boshqa kattaroq narsalarni tusaydi, alal-oqibat o‘qish bir chekkada qolib boshqa yo‘lni tanlashga moyilligi ortadi, hatto maktabga bormay qo‘yadi.

Bunday hollarda ayrim ota-onalar maktablardan ayb qidirishdan tap tortishmayapti. Ular farzandini bir amallab olib borib qo‘ysa bo‘ldi. Bu yog‘i maktabning, ustozlarning ishi, bolasi uyiga kelganida esa «Qanday dars o‘tildi, uyga vazifa berildimi? Darsingni qachon qilasan? O‘zim yordamlashaman» deyishmaydi. Hatto kundaligini ochib ham ko‘rmaydi. Bolani o‘z holiga tashlab qo‘yadi. Oqibatda bola bilganicha ish tutishga odatlanadi.

Masalan, pandemiya munosabati bilan maktablardagi darslar telekanallar orqali onlayn tarzda o‘tkazildi. Ta’til paytida o‘quvchilar vaqtlarini besamar o‘tkazmasliklari uchun vazifalar berib borilmoqda. Ma’lumotlarga qaraganda, ayrim maktablarda o‘quvchilar onlayn darslarda faol ishtirok etmagan, ta’til vazifalari ham bajarilmay qolgan.

Xo‘sh, bunga kim aybdor? Maktabmi yoki ota-ona?

Rivoyat qilishlaricha, bir xotin tug‘ilajak farzandi kim bo‘lishini bilish maqsadida donishmand huzuriga kelib «Bolam tug‘ilsa, tarbiyasini qanday boshlay?» deb so‘raydi. O‘shanda donishmand «to‘qqiz oy kechikibsiz, deya javob bergan ekan. Farzandlarimizni hali maktab yoshidayoq o‘qishga, murg‘ak qalbida bilim olishga, maktabga mehr uyg‘otish darkor. Bunda ota-ona, oila muhiti katta tarbiyaviy ahamiyat kasb etishi barobarida mas’ulligimizni aslo unutmaslik lozim.

Adham Hayitov.