Bolani kaltaklab turish kerakmi?
Kecha darsda talabalardan biri bolaga nisbatan zo‘ravonlik haqida gap ochdi.
Shunda auditoriyadagi barchaga “kim bolaligida ota-onasidan kaltak yegan?” degan savolni o‘rtaga tashladim.
Biroz sukunatdan keyin bir qizgina javob berdi:
- Meni asosan onam urib turardilar. Ko‘pincha bu uy-ro‘zg‘or, ovqat tayyorlash yuzasidan bo‘lardi. Xamir qorish yoki xamirdan taom tayyorlashda nimanidir xato qilsam, o‘qlov bilan boplab tushirardi...
- Meni dadam kamar bilan qattiq savalagan, - dedi bir yigit. - Chunki qayerdaligimni aytmasdan, yarim tunda uyga kirib kelgandim.
- Kasal bo‘laturib, o‘rtoqlarim bilan koptok o‘ynaganim uchun dadam meni xipchin bilan savalagan, - dedi yana bir talaba.
Ko‘rinishidan sodda, kamtargina, ko‘zoynak taqib olgan talaba otasining mashinasini sezdirmay minib ketgani uchun rossa kaltaklanganini gapirib berdi (shu talabadan bunaqa qiliq chiqadi, deb sira o‘ylamagan edim).
Garchi, talabalar o‘zining savalanish tarixini so‘zlasa-da, auditoriyada samimiy va quvnoq kayfiyat bor edi. Hech kim otasi yoki onasidan xafa bo‘lib yoki nafratlanib gapirmadi.
Shunda savolimning ikkinchi qismini o‘rtaga tashladim:
- Kaltak yeganingiz uchun ota-onangizdan xafamisiz? Ota-onangiz bu ishni qilmasligi kerak edi, deb o‘ylaysizmi?
Haligi javob berganlarning birontasi ham savolga tasdiq bilan javob bermadi. Barcha bir ovozdan bu o‘z paytida to‘g‘ri bo‘lganini, nima bo‘lsa ham bu ularning tarbiyasi uchun, hayotga tayyorlash uchun qilinganini ta’kidladi.
“Endi oilada bolani kaltaklab turish kerak, deganlar qo‘lini ko‘tarsin”, deb uchinchi savolni berdim. Auditoriyadagi chamasi o‘ttizta talabadan 26 tasi tasdiq bilan qo‘lini ko‘tardi. Atigi uchta talaba bunga qarshi bo‘ldi, ikkita qiz bola va bitta o‘g‘il.
Qarshi bo‘lganlarning ham fikrlarini bayon qilishlarini so‘radim. Qizig‘i, agar rost gapirayotgan bo‘lishsa, ular biron marta ham ota-onasidan kaltak yemagan ekan. Nega bolani urib, savalash kerak? Axir to‘g‘ri tushuntirib tarbiyalasa ham bo‘ladi-ku?! “Meni ota-onam biron marta ham urishmagan, men buni qabul qila olmayman”, degannamo javob berishdi.
Demak, kaltak yeganlar kaltakni, yemaganlar esa og‘zaki tushuntirib tarbiyalashni, xullas, har kim “tatib ko‘rgan” narsasini ma’qul ko‘rmoqda.
Bahs-munozara yakunida talabalar endi menga yuzlanishdi: “Siz-chi, o‘zingiz ota sifatida bunga qanday qaraysiz?”.
Savolga endi javob beraman, deb og‘iz juftlagan edim tanaffusga qo‘ng‘iroq chalinib qolsa bo‘ladimi?..
G‘ulomjon HAKIMOV,
yuridik fanlar nomzodi, dotsent.