Bolani maktabga berish tartibi qanday?

– Bolalarni birinchi sinfga qabul qilishda ota-onaga qanday talablar qo‘yiladi va murojaat qilish muddati qachongacha?

– O‘quvchini birinchi sinfga qabul qilishda tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma nusxasi, ota-onasining pasport nusxalari, turarjoyidan ma’lumotnoma, tibbiy ma’lumotnoma hamda ariza talab qilinadi. Nizomda belgilanganlardan tashqari hujjat talab etish amaldagi tartibga zid hisoblanadi.

Ota-onalar farzandlarini birinchi sinfga qabul qilish masalasida o‘quv yili yakunlangan kun – 25 maydan 31 avgustga qadar maktab ma’muriyatiga murojaat qilishlari mumkin.

– O‘quvchini bir maktabdan boshqasiga o‘tkazish yoki boshqa viloyatdan kelgan o‘quvchilarni muassasaga qabul qilish tartibi qanday?

– Bunday ishlar "O‘quvchilarni sinfdan sinfga va bir maktabdan boshqasiga o‘tkazish tartibi to‘g‘risida"gi Nizom talablari asosida amalga oshiriladi.

Unga ko‘ra, ota-ona farzandini sinfdan sinfga o‘tkazish uchun uning sabablarini ko‘rsatgan holda maktab direktori nomiga ariza yozadi va maktab direktori bir ish kunida arizani ko‘rib chiqib, o‘quvchini boshqa sinfga o‘tkazish yuzasidan buyruq qabul qiladi.

Agar sinfdagi o‘quvchilar soni belgilangan me’yordan ortiq bo‘lsa, direktor o‘quvchini sinfdan sinfga o‘tkazishni rad qilishi mumkin.

Maktabdan maktabga o‘tkazish ham xuddi shu tartibda kirish-chiqish taloni hamda maktab buyrug‘i asosida amalga oshiriladi.

Xorijiy davlatda ta’lim olgan O‘zbekiston fuqarolarining farzandlari ota-onaning arizasi, bolaning xorijiy davlatda ta’lim olganligi to‘g‘risidagi hujjatning asl nusxasi va notarial tasdiqlangan tarjimasi, tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma, tibbiy ma’lumotnoma, 4 dona rangli fotosurat, yashash joyidan ma’lumotnoma asosida maktabga qabul qilinadi.

Agar bolaning xorijiy davlatda o‘qiganligi to‘g‘risidagi hujjati mavjud bo‘lmasa, maktab direktori bolaning yoshi va bilim darajasiga mos sinfga qabul qilishi lozim.